Yaqinda O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashiga Kosonsoy tumanidagi “Zafar Muhammadjon chorvasi” fermer xo`jaligi rahbari Muhammadjon Rahimovdan murojaat tushdi. Unda bayon qilinishicha, xo`jalik 2007 yili 41 gektar er maydonida ish boshlagan. 2008 yili tuman hokimining qarori bilan unga yana lalmi erlardan 12,8 gektar, 2013 yili 107,3 gektar ajratilgan. Biroq 2018 yil 4 aprelda mazkur fermer xo`jaligi foydalanib kelayotgan Sharof Rashidov massividagi 51 gektar erni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish to`g`risida xalq deputatlari tuman Kengashining 168/40-5-sonli hamda tuman hokimining 498-sonli qarorlari chiqarilgan. Qishloq mulkdori bu qarorlardan norozi.
Partiya hududiy tashkilotining jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlash bo`limi mudiri Muzaffar To`xtasinovning ma`lum qilishicha, dastlab tilga olingan qarorlar uchun asos bo`lgan tuman komissiyasi xulosasi atroflicha o`rganib chiqildi. Komissiya raisining o`rinbosari S.Ashirov, kotibi H.Rahimov va a`zolari O.Qoriev, M.Mamatqulov, M.Hoshimxo`jaev, A.Mamadjonov imzolagan xulosada, jumladan, shunday jumlalar bor: “Zafar Muhammadjon chorvasi” fermer xo`jaligining Sharof Rashidov massividagi chorva ozuqasi ekilishi rejalashtirilgan 15,8 gektar erning 8 gektariga kontraktasiya shartnomasi tuzilmagan holda loviya, 4 gektariga piyoz, 2 gektariga kartoshka, 0,5 gektariga sarimsoqpiyoz, 1 gektariga urug`lik piyoz, 3 gektariga urug`lik sabzi ekilgan. Bu bilan fermer xo`jaligi rahbari M.Rahimov O`zbekiston Respublikasi “Er kodeksi”ning 6-bandi (er uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadda foydalanganlik) va ijara shartnomasi talablarini buzgan”. Binobarin, fermer xo`jaligi tasarrufidagi 51 gektar erni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish to`g`risida xulosa berilgan. Xalq deputatlari tuman Kengashi va tuman hokimi tegishli qaror chiqarishda ana shu hujjatga tayanishgan.
Fermer xo`jaligi boshlig`i bu qarorlarning asossiz ekanini isbotlashga harakat qilyapti:
– Bu er maydoni menga ijara shartnomasi asosida chorvachilik, bog`dorchilik, sabazavotchilik va qishloq xo`jaligi ekinlari etishtirish uchun berilgan. Ijara shartnomasi talablarini buzmaganman. Erdan samarali va unumli foydalanyapman. Qarorlardagi “erdan boshqa maqsadlarda foydalanilgan, kontraktasiya shartnomasida nazarda tutilmagan qishloq xo`jaligi ekinlari ekilgan”, degan gaplar noto`g`ri. Fermer xo`jaligimiz “Kosonsoy fruits agrofirm” MChJ bilan 2017 yil 25 avgustda 2018 yil hosili yuzasidan kontraktasiya shartnomasi tuzgan. Ushbu hujjat tuman qishloq va suv xo`jaligi bo`limi tomonidan ham tasdiqlangan. Fermer xo`jaligimiz chorvachilikka ixtisoslashgan. Shunday ekan, erlardan chorva ozuqasi etishtirish uchun foydalanishimiz tabiiy hol. Tuman hokimligi bu erlarni qaytarib oladigan bo`lsa, birinchidan, chorva mollari ozuqa etishmasligidan nobud bo`lishi mumkin. Bundan tashqari, go`sht va sut mahsulotlari etkazib berish bo`yicha majburiyatlar ham bajarilmay qolishi ehtimoli yuqori. Fermer xo`jaligi kasodga uchraydigan bo`lsa, ko`plab odamlar ishsiz qolishi turgan gap. Buni tushuntirishga urindik, ammo foydasi bo`lmadi.
O‘zLiDeP viloyat Kengashi adolat qaror topishi uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Pirovardida xalq deputatlari tuman Kengashi va tuman hokimligi tomonidan qabul qilingan qarorlar asossiz ekanligi isbotlandi va bu ish tuman ma`muriy sudiga oshirildi. Sud amaldagi qonunlar talablaridan kelib chiqib, fermer xo`jaligi foydasiga hal qiluvchi qaror chiqardi. Xalq deputatlari tuman Kengashi va tuman hokimligining tegishli qarorlari bekor qilindi va er fermer xo`jaligi ixtiyorida qoldirildi.
Komiljon FAYZIEV






