O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko`ra, Nazarov Azimjon Soatmurod o`g`li O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirining o`rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Azimjon Nazarov bunga qadar Innovasion rivojlanish vazirining o`rinbosari vazifasini bajaruvchisi, Innovasion rivojlanish vazirligi Tadqiqotlar va iqtisodiyot real sektoriga innovasiyalarni joriy etish boshqarmasi boshlig`i lavozimlarida ishlab kelgan.
Azimjon Nazarov 1997 yili Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalashtirish injenerlar institutini va 2000 yili AQShning Texas qishloq xo`jaligi va mexanika universitetini tamomlagan. Davlatlararo koordinasion suv xo`jaligi komissiyasining ilmiy-axborot markazida faoliyat yuritgan. Shuningdek, taxminan 10 yil davomida qishloq va suv xo`jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy xavfsizlik, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy qilish, institusional tuzilish va shu kabi boshqa tarmoqlarda professional xizmatlarni taqdim etuvchi “Nazar Buisness and Technology” xususiy konsalting kompaniyasini boshqargan.






