O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi o`zi xorijga ishga jo`natgan 62 nafar O`zbekiston fuqarosining huquqlarini himoya qilmadi.
Aksincha, ularni aldab ishga jo`natib, qarzdor qilib qaytardi.
HISOBOT HAQIQATGA ZID
Mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko`maklashish bo`yicha Respublika ishchi guruhi joriy yilning 25 iyun – 2 iyul kunlari Namangan viloyatining Norin tumanida faoliyat olib bordi. Bir hafta mobaynida 57 mahalladagi 25650 xonadonga kirildi. Natijada 5400 dan ortiq muammo aniqlanib, ularning qariyb 60 foizi o`rnida hal etildi.
Ko`p joyda bo`lgani kabi ishsizlik Norindagi eng katta muammolardan biri. Tumanda 106 ming nafar mehnatga layoqatli aholi bo`lib, hisobotlarda ulardan 4377 nafari ishsiz ekani qayd etilgan. Biroq qaysi xonadonga kirmang, ikki-yoki uch nafar ishsizga duch kelasiz. Demak, asl holat boshqacha. Keltirilgan rasmiy ma`lumot to`g`ri emas.
Norinning iqtisodiy ko`rsatkichlari viloyat darajasidan ancha past. “Norin paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyati tumandagi yagona yirik ishlab chiqarish korxonasi hisoblanadi. Aholining katta qismi, asosan ayollar, yollanma ishchi sifatida fermer xo`jaliklari, xususiy er egalari dalalarida mehnat qilib, kuniga o`rtacha 15-20 ming so`mdan pul oladi. Ishsizlikning eng samarali echimi sanalgan tadbirkorlikni rivojlantirish, oilaviy biznesga keng imkon va sharoit yaratib berish borasida ham talay muammolar mavjud.
Masalan o`tgan davrda tumanda 70 ta kichik biznes sub`ekti faoliyati yo`lga qo`yilgan bo`lsa, yil boshidan buyon ularning 27 tasi tugatilgan. Hisobot davridagi 6 million dollarlik eksport rejasi atigi 31 foizga bajarilgan. Tumanda yuzlab bo`sh turgan binolar va ob`ektlar bo`la turib, tadbirkorlik bilan shug`ullanish istagini bildirganlar joy muammosiga duch kelmoqda.
Valijon Bakirov xonadonidagi suhbat salom-alik, hol-ahvol, qishloq xo`jalik kasb-hunar kollejini bitirgan o`g`lining ishsizligi, gaz ballon ololmayotgani, Nizomiy ko`chasini asfaltlash haqidagi gap-so`zlar bilan tugashi mumkin edi. Biroq bir chetda qimtinib turgan Odina opa Bakirovaning ham qandaydir “dardi” bordek tuyuldi bizga.
— Buni aytishim to`g`rimi-yo`qmi, bilmayman, – dedi Odina opa ohista gap boshlar ekan. – Kimningdir ustidan shikoyat qilmoqchi emasman. Lekin Prezidentimiz topshirig`i bilan yurgan ekansizlar, davlat tashkilotiga ishonib, og`ir kunlarni, ruhiy qiyinchiliklarni boshdan kechirganimizni bilib qo`yishlaringiz kerak, deb o`ylayman.
U “hozir”, dedi-da ichkariga kirib, bir dasta qog`oz ko`tarib chiqdi: shartnomalar, sertifikatlar, yo`llanmalar, tibbiy ma`lumotnomalar, sug`urta polyusi, kvitansiyalar, temir yo`l chiptalari... O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga taalluqli bu hujjatlarga ko`z yugurtirib, opa bilan bafurja gaplashishimiz kerakligini tushundik. Kechga tomon Norin tumani hokimiyati binosida joylashgan 5-Ishchi guruh shtabida uchrashdik.
“BIZGA BERILGAN VA`DALAR YoLG`ON EKAN”
Shu yilning 5 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida aholi bandligini ta`minlash bo`yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. Unda O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev chiqish qilib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning aprelida Rossiya Federasiyasiga Davlat tashrifi davomida O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasida “O`zbekiston fuqarolarini Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatlarini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan tartibda tanlab olish va ishga joylashtirish bo`yicha Hukumatlararo Bitim” imzolangani va har ikki davlat tomonidan ratifikasiya qilinganini ta`kidladi.
Ma`lumotlarga ko`ra, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi orqali 2017 yilda 922 nafar, 2018 yilning 5 oyi davomida esa 380 nafar fuqaro Rossiyada ishga va 12,5 mingga yaqin nafar fuqaroga agentlik, uning hududiy filiallari hamda mehnat organlari tomonidan maslahat berish, ro`yxatga olish hamda imtiyozli chiptalar berilishi orqali Rossiyada mehnat faoliyatini olib borishiga ko`maklashilgan.
– Namangan viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmasi tavsiyasiga ko`ra 2017 yilda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga murojaat qildim, – deydi Odina Bakirova. – O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi Bitimga muvofiq bizga Sankt-Peterburg shahrida joylashgan “Grifon Presonal” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ish taklif qilindi. MChJ bosh direktori Tatyana Nikolaevna Xorlamova boshchiligidagi mutaxassislar barchamizni imtihondan o`tkazdi. Ko`zda tutilgan to`lovlarni to`ladik. Tibbiy tekshiruvlardan o`tdik. Qisqa muddatli bo`lsa-da, o`qitishdi.
“Grifon Presonal” Bosh direktori T.N.Xorlamova bilan imzolangan shartnomaga ko`ra Baxriddinova Odinaxon Pattaevna tikuvchi vazifasiga ishga olingan. U ish joyiga, ya`ni Barnaul shahri, Kulagina ko`chasi, 8-uyda joylashgan fabrikaga 2017 yilning 1 avgust kuni etib borishi kerak edi. Shartnomaning 5-bandida, tarif stavkasiga muvofiq, ishchiga soatiga 125 rubl haq to`lanishi shuningdek, o`rnatilgan tartibda mukofot pullari berilishi nazarda tutilgan. Qat`iy o`n bir soatlik ish kuni belgilangan va ishchi haftaning shanba-yakshanba kunlari dam olish huquqiga ega ekani qayd etilgan.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining “Feysbuk” ijtimoiy tarmog`idagi ishga jalb qilish bo`yicha tarqatgan e`lonida talbgorlar temir yo`l chiptalarini imtiyozli narxlarda sotib olishlari mumkinligi aytilgan bo`lsa-da, Odina Bakirova Toshkent-Barnaul poezdiga chiptani 770 164 so`mga – to`liq narxda sotib olib, 2017 yilning 14 iyul kuni yo`lga chiqadi va 17 iyul kuni ish joyiga etib boradi.
– Ketishimizdan avval bizga Rossiyadagi yashash joyimizning video tasvirlarini ko`rsatishdi. To`rt kishilik shinam xona, barcha qulayliklarga ega hammom, oshxonani ko`rib, ochig`i quvonib ketdim, – deydi Odina opa. – 800-1000 dollar atrofida oylik beramiz, kuniga o`n bir soat ishlab, shanba-yakshanba kunlari dam olasizlar, ish joyingizga avtobusda eltib qo`yamiz, deyishdi. Hech bo`lmasa 500 dollardan berishsa ham bir oyda olgan qarzimdan qutulaman, deb o`yladim. Ammo etib borganimizdan keyin bizga va`da qilingan narsalarning barchasi yolg`on ekani oydinlashdi.
Bizni tashlandiq bir bolalar bog`chasiga joylashtirishdi. Ochig`i, Norindayam bunaqa xarob joy bo`lmasa kerak. Eshik-derazasi yo`q, suvoqlari ko`chib ketgan, tomidan chakka o`taverib shiftlari mog`orlagan binoga 62 nafar kishi kirdigu videoda ko`rganlarimiz sarob ekanini tushundik. Ayni yozning chillasida ketgan bo`lsak-da, Barnaul ancha salqin joy ekan. Ustiga-ustak kun ora yomg`ir yog`adi. Ish boshlagunimizcha bir oy vaqt o`tdi. Yashash joyimizni o`zimiz bir amallab epaqaga keltirdik. Namanganda, Toshkentda, Barnaulda tibbiy ko`rikdan o`tgan edik. Hamma ma`lumotnomalarda “Sog`lom”deb xulosa berishgan. Biroq zax erda yotaverib, ish boshlanmasidan ko`pchilik kasal bo`lib qoldi.
Bular hali holva ekan, asosiy qiyinchiliklar keyin boshlandi. Shartnomada 11 soatlik – 7.00 dan – 20.00 gacha ish vaqti ko`rsatilganiga qaramay, kech soat 23.00 gacha ishladik. “Normani bajara olmayapsizlar”, deb shanba-yakshanba kunlari ham dam berishmadi. Soat 13.00 dan 14.00 gacha tushlik. O`zingiz o`ylang, odam 6 soat och-nahor ishashi mumkinmi?
KO`PChILIKNING BOShIDAGI KO`RGULIK
Odina opa bergan telefon raqamlari orqali u bilan birga ishlagan boshqa yurtdoshlarimizni ham topib, ular bilan ham suhbatlashdik.
Oltinoy Karimova – Andijon viloyati, Andijon tumani, “To`qqizbog`”MFY, Hakan qishlog`ida istiqomat qiladi. 1978 yilda tug`ilgan. Oilali, ikki nafar farzandi bor:
– Tashqi mehnat migrasiyasi agentligidan Jasur degan yigit, familiyasi esimda yo`q, bizga bosh bo`lib borgan edi. Sharoitni bildi, to`g`irlaymiz, dedi, lekin hech narsa o`zgarmadi. Uning o`zini qaytib ko`rmadik ham. Yotoq joyimiz bilan fabrika orasi ikki kilometrlik yo`l. Har kuni yayov borib-kelamiz. Kechki 23.00 da ishxonadan chiqsak, etib kelgunimizcha bir soat vaqt o`tadi. 62 kishiga bitta gaz plitasi. Ovqat qilishimiz kerak. Urush-janjalni tasavvur qilavering endi. Ertalab 7.00 da etib borishimiz uchun yana vaqtli turishimiz kerak. Yarim kechasi, och-nahor kelgan bo`lsak, yana ishga o`z vaqtida etib borish uchun barvaqt turishimiz lozim bo`lsa, qachon dam olamiz?
Ish boshlaganimizga bir oy bo`lmasidan o`n kishini malakalaring talabga javob bermaydi, deb ishdan bo`shatib yuborishdi. Vaholanki, hammamiz imtihondan o`tib borgan edik.
Davlat buyurtmasi asosida uniformalar tikkanmiz. Biz bilan ishlaydigan mahalliy ayollar ikki kun ishlab, ikki kun dam olardi. Ortiq tiksak tikdikki, ulardan kam mahsulot tikkanimiz yo`q. Lekin korxona ma`muriyati bizni normani bajarolmaslikda ayblagani ayblagan edi.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Odina Bakirova o`rtasida tuzilgan “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini chet davlatlarda ish bilan ta`minlash bo`yicha xizmatlar ko`rsatish to`g`risida”gi shartnomaning “Rossiya Fedarasiyasida mehnat qilish shartlari” bo`limining 4.5-bandida “Fuqaroning Rossiya federasiyasida mehnat qilish davridagi ish vaqti Rossiya federasiyasining mehnat qonunlari bilan belgilangan ish vaqti davomiyligidan ortiq bo`lmasligi lozim. Hafta davomidagi ish vaqti ish beruvchi va fuqaro o`rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi asosida belgilanadi”, deb ko`rsatilgan.
4.6-bandda esa “Fuqaroni ish vaqtining normal muddatidan tashqari ishlarga jalb qilishga yo`l qo`yilmaydi”, deyiladi.
QARZ OLIB KETGAN EDIM, QARZ OLIB QAYTIB KELDIM
Jo`raqulov Siroj – Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani, Hamid Olimjon MFY, Toqichilik qishlog`ida yashaydi. 1995 yilda tug`ilgan. Tumandagi iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirgan:
–Shartnomada bizni shogird (uchenik) deb ko`rsatishgan. Uch oylik sinov davrida sharoitga ko`nikishimiz, ish o`rganishimiz lozim edi. Biz sharoitga ko`nikish o`rniga o`zimiz uchun sharoit yaratish bilan shug`ullandik. Korxona dastlabki kundan bizga “master” talabini qo`ydi. Norma kundan-kunga oshirilaverdi. Biz bilan borgan hamyurtlarimiz orasida yoshi katta ayollar ham bor edi. Ayniqsa, ular juda qiynaldi. Charchoq, uyqusizlik, to`yib ovqatlanmaslik hammamizni holdan toydirdi. Qirq ikki kun ishladik. Turli bahonalar bilan 7 ming rubl atrofida pul berishdi, xolos. Ko`pchilik ish joyini tashlab chiqib ketdi. Biz O`zbekistonga qaytdik.
Qarz olib ketgan edim, qarz olib qaytib keldim. Ota-onamning, qishloqdoshlarimning oldida uyatdan boshim ham.
Mansurova Adiba – Sirojning onasi, 2-guruh nogironi:
– O`g`lim davlat tomonidan ishga yuborilyapti-ku, deb xotirjam bo`libman. Hayotimiz yaxshi tomonga o`zgaradi, deb ishonibman. Shuning uchun ikkilanmay 3 million so`m qarz ko`targandik. U esa yana qarzga botib, zo`rg`a qaytib keldi. Topganimiz qarz to`lashga ketyapti. Ularni ishga jo`natganlardan birortasi nega qaytib kelding, u yoqda holing nima kechdi, deb so`ramadi.
P/S: Odina Bakirova: Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining www.migration.uz rasmiy saytida Rossiya federasiyasining Rostov, Tula, Kursk viloyatlaridagi tikuvchilik korxonalariga ishga jo`natish bo`yicha e`lon joylashtirilgan. O`sha – bizga va`da qilingan 20 ming rubldan 40 ming rublgacha ish haqi, 11 soatlik ish kuni va boshqa ijtimoiy paketlar haqidagi ma`lumotlarni o`qib, ishqilib va`dalari yolg`on bo`lib chiqmasin-da, ayol boshi bilan musofirlikni bo`yniga olgan opa-singillarimning haq-huquqlari paymol bo`lmasinda, deya iltijo qilaman har doim.
Vohid LUQMON, O`zA