Rossiya Federasiyasida o`tkazish maqsadini ko`zlab katta miqdorda giyovandlik vositalarini saqlashda ayblangan, 1996 yilda tug`ilgan O`zbekiston fuqarosi Ma`rufjon Shakarov ishi bo`yicha izoh berdi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, unga yordam ko`rsatish bo`yicha Bosh prokuratura bilan hamkorlikda tegishli prosessual harakatlarni amalga oshirmoqda. O`zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Ma`rufjonga konsullik-huquqiy yordam ko`rsatish maqsadida Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga, Moskva shahridagi sud organlariga rasmiy murojaat bilan chiqqan.
Natijada 2018 yil 14 iyundagi Moskva shahar sudining apellyasiya instansiyasi ajrimiga ko`ra, Shakarovning qilmishida “keyinchalik o`tkazish (masalan, sotish) maqsadi bo`lmaganligi” uchun jinoyat ishi qayta malakalangan hamda 2017 yil 13 dekabr kuni unga berilgan 10 yillik qamoq jazosi 5 yilga kamaytirilgan.
14 iyul kuni O`zbekiston elchixonasi vakili Ma`rufjon saqlanayotgan 1-raqamli jazoni ijro etish muassasasi rahbariyati bilan telefon orqali suhbatlashganda, u apellyasiya ajrimidan norozi bo`lgani sababli ochlik e`lon qilgani, tartibga ko`ra, uni bir kishilik kameraga olib o`tilgani, u doimiy videokuzatuv hamda tibbiy xodimlar nazoratida bo`lib turgani, uning bugungi kundagi sog`lig`ida jiddiy muammolar yo`qligini ma`lum qilingan.
Yaqin kunlarda uning onasi va xolasini Ma`rufjon bilan uchrashtirish ishlari tashkil qilinishi kutilmoqda.
Moskva Preobrajensk tumani sudi hukmi kuchga kirgandan so`ng konsullik xodimiga Shakarov bilan uchrashishga ruxsat beriladi. Ushbu masala elchixona konsullik bo`limi tomonidan nazoratga olingan.






