Yozning issiq kunlarida salqin ichimliklarga talab ortadi. Shaharlarda, odamlar gavjum joylarda shunday ichimliklarning, ayniqsa, mors va kvasning xaridori ko`payadi. Bu ichimliklar qanday tayyorlanayotgani, sotilayotgan vaqtda sanitariya-gigiena qoidalariga qay darajada amal qilinishi odatda tashna xaridorni ko`p ham qiziqtirmaydi.
Xo`sh, bu ichimliklar qanday tayyorlanadi? Bu haqda tadbirkor Navro`z Qarshiev so`zlab berdi.
– Mors – yozning issiq kunlarida jonga rohat beruvchi salqin ichimliklardan hisoblanadi. Uni tayyorlashning o`ziga xos sirlari, mashaqqati bor. Bozorlarda maxsus mors tayyorlaydigan kukun (biz uni essensiya deymiz)lar sotishadi. Bu kukunlar 4 xil bo`lib, har birining o`z xususiyati bor: biri rang, biri ta`m, biri hid, yana biri ichimlikning uzoqroq vaqt saqlab turishga yordam beradi. Avval uch litr qaynoq suvga o`sha to`rt turdagi kukunni qo`shib qaynatamiz, so`ngra tabiiy va muzdek buloq suvidan 200 litr qo`shib maxsus moslama yordamida aralashtiriladi. Keyin unga ballonda olib kelingan uglekislota solinadi. Uglekislota aylanib turuvchi parrak yordamida asta-sekinlik bilan qo`shiladi. Mors tayyor holatga kelgach, maxsus bochkalarga quyilib, xalq uchun jo`natiladi. Mors saqlovchi idishlarimiz ichiga kondisioner o`rnatilgan bo`lib, ichimlikni muzdek va uzoq vaqt saqlashga xizmat qiladi.