Yaqinda Maktabgacha ta`lim vazirligiga ta`lim muassasasi xodimlarining ehtiyotsizligi tufayli yuzi 2 va 3-darajali kuygan hamda chap qoshi atrofi kesilgan bolaning ota-onasidan murojaat keldi. Tushlik berish oldidan tarbiyachi yordamchisi chopib kelayotgan qizchani ko`rmay qolib, u bilan to`qnashib ketgan. Natijada bolaning ustiga qaynoq sho`rvasi bor idish ag`darilib ketgan. Bu haqda Maktabgacha ta`lim vazirligi Facebook’dagi sahifasida xabar qoldirdi. Xabarda bu voqea qaerda yuz bergani aytilmagan, ilova qilingan suratga ko`ra, maktabgacha ta`lim muassasasining nomi – "Quyoshcha".
MTM ma`muriyati sodir bo`lgan voqeaga nisbatan mutlaqo befarq munosabatda bo`lgan: tez yordam chaqirilmagan, davolanish vaqtida tarbiyachi ham bog`cha mudirasi ham bolaning ahvoli bilan qiziqmagan, mudira bolaning ota-onasi bilan uchrashmagan, aybdorlarni jazolamagan, kelajakda bunday hodisalarga yo`l qo`ymaslik choralarini ko`rmagan. Boz ustiga, ushbu fakt mudira tomonidan tuman maktabgacha ta`lim bo`limi rahbariyatidan sir tutilgan.
Vazirlik xabariga ko`ra, bog`cha mudirasi egallab turgan lavozimidan chetlashtirildi. Hozir bolalar bog`chasi xodimlarining o`z kasblarini qay tarzda egallanligi darajasi o`rganilmoqda.
"Olti yashar qizchaning ota-onasi va ular murojaat qilgan tibbiy muassasa shifokorlari bolaning sog`ligi qisqa muddatlarda qayta tiklanishi uchun barcha zarur say`-harakatlarni amalga oshirdilar", - deyiladi xabarda.






