1

Deputat korrupsiya va poraxo`rlik haqida gapirdi

Jamiyat 18.07.2018, 17:46
Deputat korrupsiya va poraxo`rlik haqida gapirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamroev Facebook’dagi sahifasi orqali jamiyatdagi jirkanch illat – korrupsiya va poraxo`rlik haqida fikr-mulohazalarini bildirdi, deb yozadi «Xalq so`zi». Quyida deputatning fikrlarini to`liq holicha keltirib o`tamiz.

Kulohni bilasiz: qalandar va darveshlar kiyadigan uchli qalpoq. O`tmishimizda u bilan bog`liq ajoyib voqea bor.

Bahodir Yalangto`sh (Nizomiddin Yalangto`shbiy otaliq, 1576—1656 yillar) Samarqandga bir emas ikki marta (1612 va 1645 yillarda) hokim etib tayinlangan. U saltanat va Samarqand xalqi oldidagi xizmatlari uchun «Otaliq» unvoniga («El otasi» ma`nosini angladi) sazovor bo`lgan. Tarixda har qanday hokim bunday unvonga loyiq bo`lavermagan.

Xo`sh, Bahodir Yalangto`sh qanday xizmatlar qilganki, bunday yuksak unvonga sazovor bo`lgan?

Tarixiy manbalarga ko`ra, mohir sarkarda sifatida dushmanlar ustidan qozongan g`alabalari, saltanat sarhadlarini daxlsiz saqlashdagi xizmatlari, Samarqand muzofotini obod, qo`rg`onini mustahkam, elini farovon etgan, azim shahardagi yaratuvchilik ishlari uchun Yalangto`shbiy «El otasi» unvoniga loyiq topilgan.

Taajjubki, ana shunday yuksak rutbadagi inson tun-u kun darveshlar qalpog`i — kuloh kiyib yurar ekan. O`sha kezlarda Samarqandning Registon maydoni tegrasida joylashgan bozorni aylanishni xush ko`rgan hokim-u mutlaq Yalangto`shbiyni oddiy faqir-u fuqarolardan ajratib bo`lmas, chunki egnidagi korjomasi hamin qadar el qatori bo`lar ekan.

...Bir kuni u kishiga hamroh g`aznachi va bir navkar gavjum joyda hokimning qalandar kulohini qora qilib ergashib borar edi. Mavsum boshi bo`lgani uchunmi, hokim qovun sotayotgan bir dehqon yigitning oldida to`xtabdi. Chog`roq qovunlardan qo`liga olib, shapatilab-shapatilab ko`rib, ikki donasini ajratibdi. Narxini so`rab, savdolashibdi. Narx bichilgach, hokim belbog`iga ilingan hamyonni paypaslasa, hamyon bo`sh emish... Hokim buni kuzatib turgan dehqonga jilmayibdi-da, yonida ergashib yurgan g`aznachiga yuzlanib, «G`aznadagi maoshimdan haqim bormi?» deb so`rabdi. G`aznachi qo`lini ko`ksiga qo`ygan holda ikki bukilib, «G`azna sizning ixtiyoringizda, taqsir» debdi. Yalangto`shbiy qoshini chimirib, unga qattiq tikilgancha, «G`azna bilan mening maoshimni adashtirmang!» debdi. G`aznachi gapni tushunib, «haqingiz yo`q» degan ishora beribdi-da, mulzam bo`lgancha, bir qadam tislanib, jim turaveribdi.

Bahodir Yalangto`sh boshidagi kulohini avaylab echib, dehqon yigitga uzatibdida «Shu kulohga ayirgan qovunlarimni berasanmi?» debdi. Dehqon kulohni qo`liga olib, ko`zdan kechirgach, «Juda eski ekan-da, taqsir» debdi. Savdoga guvoh bo`lib turgan navkar hokimning orqasidan turib, dehqonga imo-ishora qilar, goh bosh barmog`i bilan qarorgoh tomonni ko`rsatar, goh chopon yoqasini ochib, to`shini yalang qilar edi.

Nihoyat dehqon qarshisida Samarqand hokimi Bahodir Yalangto`sh turganini fahmladi. «Taqsir, Bahodir Yalangto`shning kulohi biz uchun tabarruk», deya ko`ziga surtib, qo`njiga tiqibdi, erdan qovunlarni olib, hokimning qo`liga tutqazibdi...

Butun Samarqand izmida bo`lgan Bahodir Yalangto`sh g`azna u yoqda tursin, hatto oddiy dehqondan bir dona qovunni tekin olish, ya`ni, uning haqiga xiyonat qilishni o`ziga ep bilmagan. Qissadan hissa shuki, xalqning hokimni halol, diyonatli, el otasi, deb bilgani — elning ishonchini suiiste`mol qilmaganligi uchundir.

Yana bir muhim dalil borki, aytmasak bo`lmas.

Manbalarda aytilishicha, «Tillakori» madrasasining gumbaziga etmish kilogrammdan ziyod oltin sarflangan. Madrasa gumbazining nafisligi, naqqoshlar ishining murakkabligi bo`yicha bu gumbaz «Go`ri Amir» maqbarasi gumbazidan qolishmaydi. Sherdor madrasasining salobati, go`zalligi hozirga qadar barchani hayratga soladi.

Samarqandning «Er yuzining sayqali» bo`lishiga hissa qo`shgan «Tillakori» va «Sherdor» madrasalarini qurdirgan shunday buyuk shaxs, o`ziga mo``jazgina maqbara ham qurdirmagan.

Hatto, madrasalarning qurilishida ishchilarga go`sht etkazib bergan qassob o`zini Registonda dafn etishlarini so`raganida shu oddiy qassobning iltimosi vojib etilgan...

Bahodir Yalangto`sh esa, o`zini Samarqand shahridan o`n ikki kilometr naridagi Dahbed qishlog`ida mozori joylashgan Mahdumi A`zam zurriyodi bo`lmish, tariqat ilmi bilimdoni Hoji Rashid Dahbediyning oyoq uchiga qo`yishlarini vasiyat qilgan.

Mozor bo`sag`asini hatlaganda qarshingizdagi qabr Samarqand viloyati hokimi Nizomiddin Yalangto`shbiy Otaliqning mangu qo`nim topgan makonidir.

O`tmishda poraxo`rlik, ya`ni korrupsiya bo`lmagan desak, yanglishamiz. Albatta, bu illat insoniyat tanasiga asosan «nafs» ko`rinishida zulukdek yopishib, davlat asoslarini emirib, jamiyat taraqqiyotiga to`sqinlik qilib keladi. Korrupsiya ildiz otgan joyda adolatsizlik, iymonsizlik, qonunga hurmatsizlik hukmronlik qilib, parokandalik yuz berishi tarixdan ma`lum.

Insoniyat bu illatning payini qirqish uchun mudom qonunlarga tayanib kurashib kelmoqda.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoev o`z vakolatiga kirishishi bilan, Prezident sifatida imzo chekkan eng birinchi qonun ham «Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni bo`ldi (2017 yil 3 yanvar). O`zbekistonda ushbu qonunning ijrosini ta`minlash maqsadida Prezidentning 2017 yil 2 fevraldagi Qarori hamda 2017—2018 yillarga mo`ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha «Davlat dasturi» qabul qilindi. Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar bilan tanishib chiqsangiz, korrupsiyaga qarshi kurashish, unga butkul chek qo`yish uchun beixtiyor «Bundan ortiq yana nima qilish kerak?», deb o`zingizga savol berasiz.

Ammo keyingi paytlarda xalqimiz va Prezidentimiz ishonch bildirgan ayrim amaldorlarning poraxo`rligi bilan bog`liq voqealar hali oldimizda qilinajak ishlarimiz ko`p ekanidan dalolat beradi. Deputatlar korpusi ham mazkur qonun va Davlat dasturi ijrosini ta`minlash borasidagi vazifalarni qat`iy ado etishda chetda turmasligi, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar deputatlari aholining ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatini shakllantirishda jonbozlik ko`rsatmog`i lozim.

Zero, jamiyatda bir nafar poraxo`r yo korrupsiya quliga aylangan amaldorning chiqishi xalqning davlatga hamda rahbarlarga bo`lgan ishonchiga jiddiy putur etkazadi. Agar o`sha beburd amaldorning ko`ksida deputat yoki senator nishoni bo`lsa – urdi xudo deyavering. Bundan mudhish manzara bo`lmasa kerak...

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1