O`zbekistonda aliment to`lamagan qarzdorlarni transport vositalarini boshqarish huquqidan vaqtincha mahrum qilish amaliyotini joriy etilishi mumkin.
18 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston XDP fraksiyasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi Qonunga o`zgartirish kiritish taklifi ilgari surildi.
Xususan, aliment olish huquqiga ega bo`lgan voyaga etmaganlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha jamg`arma tashkil etish maqsadga muvofiqligi ta`kidlandi. Bundan tashqari, jamg`arma tomonidan to`lab berilgan mablag`lar qarzdor tomonidan majburiy tartibda undirib olinishi, mazkur yo`nalishda samarali mexanizmni yuzaga keltirishi imkoni mavjud ekani qayd etildi. Masalan, qator xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, bu borada qarzdorlarni transport vositalarini boshqarish huquqidan vaqtincha mahrum qilish amaliyotini joriy etish taklifi bildirildi.
Ma`lumotlarga qaraganda, 2017 yil mobaynida sudlarga aliment majburiyatlari bajarilmasligi bilan bog`liq 47,4 mingta, 2018 yilning birinchi choragida esa 11,8 mingta ariza kelib tushgan. 2018 yilning 1 iyun holatiga ko`ra, davlat ijrochilarida 245,4 mingta aliment undirish bo`yicha ijro hujjatlari mavjud, shundan 60 mingtasi (24 foizi) ish haqidan undirishga qaratilgan. Aliment to`lamayotgan 2,3 ming nafardan ziyod fuqaroga nisbatan qidiruv e`lon qilingan. 180 ming nafar qarzdor ota yoki ona doimiy daromad manbaiga ega emasligi tufayli aliment to`lay olmayotgani aniqlangan.
Shuningdek, farzandga to`lanadigan aliment uchun bankda maxsus hisob-raqamini ochish hamda aliment pulini faqat bolaning o`z ehtiyojlari uchun sarflanishini ta`minlashga sharoit yaratadigan amaliyotni yo`lga qo`yish bo`yicha taklif berildi.






