1

Hayotiy hikoya: aka-uka mehri

Mutolaa 19.07.2018, 17:38
Hayotiy hikoya: aka-uka mehri

Ota-onasidan meros qolgan erda aka-uka birgalikda dehqonchilik qilar edi. Ularning biri oilali bo`lib, uning beshta farzandi bor edi. Ikkinchisi esa buydoq edi. Mavsum so`ngida aka-uka hosilni teng bo`lishib olar edi.

Kunlarning birida ukasi:

– Hosilimizni teng bo`lishib olayotganimiz aslo adolatdan emas. Men buydoqman va ehtiyojim unchalik katta emas. Akamning esa oilasi katta, uning xarajatlari ham shunga yarasha, – deb o`yladi.

O`sha kundan boshlab buydoq uka har kuni yarim tunda uyidan chiqib, o`zining omboridan bir qop bug`doyni elkasiga olib, hech kimga sezdirmasdan akasining omboriga qo`yib kela boshladi.

O`sha kunlarda akasi ham o`ziga o`zi:

– Hosilimizni teng bo`lishib olayotganimiz aslo adolatdan emas. Men oilaliman, ayolim va farzandlarim bor. Qarigan chog`imda ular meni parvarish qiladilar. Ukam bechora qariganda unga kim qaraydi! Demak, kelajakda uning ehtiyoji katta bo`ladi, – dedi.

Shundan so`ng aka ham har kuni yarim tunda uydan chiqib o`zining omboridan bir qop bug`doyni elkalab olib hech kimga sezdirmasdan borib ukasining omboriga qo`yib kelishni odat qildi.

Aka-uka o`rtasida bu ish ko`p yillar davom etdi. Ammo hech kim bu ishni sezmadi. Negaki, ikkovining ham omboridagi bug`doyning miqdori o`zgarmas – kamayib yoki ko`payib qolmas edi. So`ngra bir kecha aka-uka bir-birining omboriga bug`doy olib borayotganda yuzlashib qoldilar va o`shanda bo`lib o`tgan ishni angladilar. Elkalaridagi qopni erga qo`yib, bir-birini qattiq bag`riga bosdilar.

Damin JUMAQUL tarjimasi,

muslim.uzdan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1