Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jismoniy shaxslar uchun STIR olish yoki uning ma`lumotlarini o`zgartirish xizmati ishga tushirildi.
Mazkur xizmat orqali soliq to`lovchi murojati bo`yicha identifikasion raqamlarini aniqlab olishi, shuningdek STIR ma`lumotlarini qisqa vaqt ichida o`zgartirishi mumkin. Murojaat yuborilganidan so`ng STIR guvohnomasi elektron ko`rinishda murojaatda ko`rsatilgan elektron pochta manziliga taqdim etiladi.
Xizmatdan foydalanish uchun pasport nusxasi (yashash joyi ma`lumotlari bilan) kerak bo`ladi.
Buning uchun soliq to`lovchi jismoniy shaxs:
- tegishli amalni tanlaydi (hisobga qo`yish yoki hisob ma`lumotlariga o`zgartirish kiritish);
- ariza shaklini elektron to`ldiradi;
- skanerlangan pasport nusxasini yuklaydi;
- doimiy yashash manzili bo`yicha davlat soliq inspeksiyasiga elektron arizani yuboradi.
Bu jarayondan so`ng 3 ish kuni davomida davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo`yilganligi bo`yicha guvohnomani arizada ko`rsatilgan elektron pochta manzilidan oladi.
Endi familiya yoki shaxsiy pasport ma`lumotlarini o`zgartirgan taqdirda, O`zbekiston fuqarolari amaldagi STIR ma`lumotlarni o`zgartirish uchun soliq qo`mitasi bo`linmalariga tashrif buyurishlari talab etilmaydi. Uni my2.gov.uz orqali ko`chaga chiqmasdan turib yoki o`zlariga yaqin Davlat xizmatlari markaziga borib o`zgartirishlari mumkin.






