Yurtimizda shunday oilalar borki, tilidan shukronalik, dilidan xotirjamlik uzoqlashmaydi. Namangan viloyati, Yangiqo`rg`on tumani, Poromon qishlog`ida yashovchi Muhammadibrohim ota Inomov bu yil 96 yoshni qarshi olmoqda.
Shu yoshda ham mehnatdan, ketmon chopishdan qochmaydi. Quvonarlisi, 95 yoshli turmush o`rtog`i Sharofatxon aya Inomova ham hanuz bardam-baquvat.

Piru badavlat Muhammadibrohim ota bilan suhbatlashganimizda umr yo`llarini so`zlab berdi:
– Hayotda ko`p va xo`p qiyinchiliklarni ko`rdim. Shu qishloqda tug`ilib o`sdim. To`rt yoshimda onamdan etim qolgandim. Ikki singlim bilan otamga ko`makchi bo`ldik. Qo`shni qishloqqa qatnab ettinchi sinfgacha o`qiganman. O`n besh yoshimda otam ham qazo qildi. Shundan so`ng pedagogikaga tayyorlash kursiga bordim. Tugatdim-u, qishloqdagi maktabda dars bera boshladim. Singillarimga qarash, uyli-joyli qilish menga yuklatilgandi. Ammo Ikkinchi jahon urushining boshlanishi, ahvolimizni yanada qiyinlashtirdi. Men urushga ketdim.
Shukurki, omon qaytish nasib etdi. Ammo qaytib kelsam, singillarimning kuyovlari armiyaga ketib, bedarak yo`qolgan ekan. Ocharchilik, yo`qchilik ularni qiynardi. Ishonasizmi, shu yoqdan kiyib kelgan oyoq kiyimimni sotib, uyga u bu narsa olib kelganman. Hatto uyimiz yo`l qurilishi rejasiga tushgani uchun joysiz ham qolib ketganmiz. Qiynalsam-da pedagogiga sohasida o`qidim, 1947 yildan boshlab yana kasbimni davom ettirdim. Umr yo`limda boshlang`ich ta`lim sohasida 41 yil faoliyat ko`rsatibman. Turmush o`rtog`im Sharofatxonga o`zim dars berganman. Bitta singlim ham o`qituvchi edi. Keyin o`zi sovchi bo`ldi. Shunday qilib, olaxo`rjin bo`yinga tushgan.
Suhbatga Sharofatxon aya ham qo`shildi:
– Avvalo taqdir menga mana shunday umr yo`ldoshni uchratganiga shukronalar aytaman. To`g`ri, o`sha davrlar qiynalganmiz. Ko`p bolali edik. Ammo bizdek qiynalayotganlar juda ko`p edi. Sabr qilsak, mana shunday kunlarni ham ko`rarkanmiz. Turmush o`rtog`im bilan o`n nafar farzandni voyaga etkazdik. Tinim bilmay mehnat qilsak ham, ko`pchiligini oliy ma`lumotli qildik. Hozirda 41 nafar nabira, 45 nafar chevara, 6 nafar evaramiz bor. Nabirangning nabirali bo`lganini ko`rish, haqiqiy baxt ekan. Shukurki, yuzga yaqinlashyapmiz deb kasalmand bo`lib qolmadik. Turmush o`rtog`im har kuni choyxonaga chiqishni kanda qilmaydi. Televizior ko`ramiz, gazeta o`qiymiz. Bo`sh qolsam chevaralarga sarpo tikaman. Ko`pchiligining ko`rpa-yostig`ini o`zim qilganman.

Muhammadibrohim ota suhbatni davom ettirdi:
– Mana, to`yimizga ham etmish yil bo`libdi. 1948 yil turmush qurgandik. Oilaning mustahkamligini saqlash uchun, har bir qiyinchiliklarni bosiqlik, sobitlik bilan engish kerak ekan. Shuncha yil yashab turmush o`rtog`imning biror marta so`zimni qaytarganini, so`roqsiz ish qilganini ko`rmadim. Har bir narsani maslahatlashib bitirdik. Oilamizga yolg`on, xiyonat aralashmadi. Vaqtimizni mehnat qilish, farzandlarni ziyoli tarbiyalash bilan o`tkazdik. Mana endi mehnatimizning rohatini ko`rmoqdamiz. Turmush o`rtog`im 1994 yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bir vaqtlar “Qahramon ona” ham bo`lgandi. Men ham ko`plab medallar egasiman. O`tgan yili imtiyozli kredit asosida mashina berishdi. Nevaralarim haydab, to`ylarga, markalarga olib chiqadi. Yurtboshimizga rahmat, bizlarni har bayramda siylashadi, mehr-e`tiborda bo`lishimizni ta`minlab beryapti. Ilohim xalqimizning baxtiga sog` bo`lsin!

– Faxriy nom bilan ataydigan bo`lsak, ikkimiz ham urush qatnashchisimiz, – deya davom etadi Sharofatxon aya. – Bugungi kunda mahalla idoralariga, poliklinika hamshiralariga rahmat aytmoqchiman. Tez-tez xabar olib turishadi. Sog`ligimizni o`ylashadi. Hatto tuman hokimimiz ham kelib ketgandi. Uyimizning bir xonasini muzey qilganmiz. To`yimizga etmish yil bo`layotgan bo`lsa, hayotimizning eng quvonchli, eng g`amli kunlarini ham esdalikka saqlaganmiz. Kelgusi avlodlarga bizdan meros bo`lib qoladi.

Piru badavlat bu ikki insonni chindan ham bugungi kunning qahramonlari deyishimiz mumkin. Ularning ibratli hayot yo`llari, turmush tajribalari, shubhasiz, barchaga o`rnakdir.
Kumush Hamroeva suhbatlashdi, O`zA






