Hayotiy voqea: O`kinma bolam...

Mutolaa 21.07.2018, 10:00
Hayotiy voqea: O`kinma bolam...

Endigina ko`zi yorigan yosh ona kuchli hayajonda:

– Chaqalog`imni ko`rsam bo`ladimi? – deb so`radi.

Quchog`iga yumshoq bir yurgak berildi va baxtli ona chaqalog`ining jajji yuzini ko`rmoq uchun uning yuzini ochdi va hayratga tushganidan tili tutilib qoldi. Ona va chaqaloqni kuzatib turgan do`xtir shartta orqasiga o`grilib derazadan ko`chani tomosha qila boshladi.

Chaqaloqning quloqlari yo`q edi... Tahlillar bolaning eshitish qobiliyati yaxshi ekani, faqat qulog`ining suprasi yo`qligi bolaning husnini buzib turganini ko`rsatdi. Oradan yillar o`tdi, bola maktabga chiqdi.

Bir kuni maktabdan uyga yugurib keldi va o`zini onasining bag`riga otdi. To`liqib yig`lar edi. Bu uning hayotidagi birinchi mazaxlanishi va umidsizligi edi:

– Bir katta bola menga maxluq dedi.

Bolakay ana shu kemtiklik bilan ulg`aya boshladi. Uni sinfdoshlari yaxshi ko`rar va nihoyatda zehni tez o`quvchi edi. Agar sinfdoshlariga aralashib yurganida edi, shubhasiz, sinfkom bo`lar edi.

Ammo onasi har doim unga:

– Yosh bolalarning orasiga aralashmaysan, – deb tayinlar edi.

Ayni paytda u qalbida teran bir achinish va shafqatni his qilar edi.

Bolaning otasi oila do`xtiri bilan qulog`i xususida so`zlashdi.

– Biror narsa qilishning iloji yo`qmi? – deb so`radi.

Do`xtir:

– Agar bir juft quloq topishning iloji bo`lsa, uni yopishtirib qo`yish mumkin, – dedi.

Shundan so`ng bolaga quloqlarini fido etishi mumkin bo`lgan bir javonmardni axtara boshladilar. Oradan ikki yil o`tdi. Bir kuni otasi:

– Shifoxonaga borasan, o`g`lim, onang ikkalamiz senga quloqlarini berishga rozi bo`lgan bir odamni topdik. Faqat uning kimligini senga ayta olmaymiz – sir, – dedi.

Operasiya muvaffaqiyatli o`tdi va butunlay yangi bir inson qiyofasi paydo bo`ldi. Yangi ko`rinishidan ruhiyati yuksalgan bola o`qishda va ijtimoiy hayotda katta yutuqlarni qo`lga kiritdi. So`ngra uylandi va ko`zga ko`ringan diplomat bo`ldi. Oradan yillar o`tdi, bir kuni otasining oldiga kirib:

– Otajon, menga bu qadar katta yaxshilik qilgan odam kim? Men uning yaxshiligiga hech qanday javob qaytara olmadim... – dedi.

Otasi:

– Biror narsa qila olishingga ko`zim etmaydi. Faqat jiddiy shartlashganmiz, hali uning kimligini ayta olmayman, vaqti etmadi... – deb javob berdi.

Bu sir yillar davomida saqlandi va bir kuni ochilish vaqti keldi. Boshiga musibat tushgan kunda onasining jonsiz tanasi boshida otasi bilan birga janoza o`qilishini kutayotgan edi. Otasi muloyim harakat bilan onasining boshiga qo`l cho`zdi, qahvarang sochlarini silab orqaga taradi, onasining quloqlari yo`q edi. Otasi:

– Nega onajonim, uyda o`tirganda ham ro`molini boshidan olmaydi, sochlariga oro bermaydi, deb hech o`ylamadingmi? – deya shivirladi.

Damin JUMAQUL tarjimasi,

muslim.uzdan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1