1

Xorazmlik 80 yoshli Rahmon bobo uyida kutubxona va muzey tashkil qildi

Jamiyat 21.07.2018, 10:30
Xorazmlik 80 yoshli Rahmon bobo uyida kutubxona va muzey tashkil qildi

Tarix fanlari doktori, professor, xalqaro “Antik dunyo” akademiyasi a`zosi Rahmon Masharipov umr bo`yi xalqimiz qalbiga ziyo tarqatish, yoshlarga ilm berish bilan mashg`ul bo`lib kelmoqda.

Xorazmlik Rahmon bobo qariyb oltmish yil davomida uyida ajoyib kutubxona va “Tojmahal” deb nomlangan tarix hamda o`lkashunoslik muzeyini tashkil qildi, deb yozmoqda “Xalq so`zi” nashri.

“Yillar davomida to`plagan boyligim mana shu mo``jazgina hovli-joyimning teng yarmini egallagan. Ular 12 tilda chop etilgan 10 mingdan ortiq ilmiy, badiiy, tarixiy kitoblar, tarix va etnografiyaga oid mingdan ziyod muzey eksponatlari, noyob fotosuratlardan iboratdir. Uyimning qolgan qismida farzandlarim, nevara-chevaralarim bilan istiqomat qilaman. Muhimi, shaxsiy kutubxonamdan oilam, do`stu birodarlarim, tanish-bilishlar, mahalladoshlar foydalanib kelishyapti.

Har oy nafaqa puli qo`limga tegishi bilan yangi kitoblar xarid qilish uchun viloyat markazidagi kitob do`konlariga boraman. Bu menga odat bo`lib qolgan. Ammo shu o`rinda bir kichik muammoni aytib o`tmasam bo`lmas. Gap shundaki, to`plangan qadimiy osori atiqalarning bir qismiga joy etishmayapti. Shu bois mahalliy hokimlik bino masalasida imkoniyat darajasida ko`maklashsa, muzey hamda kutubxona faoliyatini yanada kengaytirar edim”, - deydi zavq bilan Rahmon bobo.


Darvoqe, Rahmon bobo ochgan kutubxonaning boshqalaridan farqli yana bir jihati bor: mazkur maskanda dam olish kuni va soati belgilanmagan. Ziyo maskanining eshiklari ilm ahli hamda qiziquvchilar uchun hamisha ochiq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1