Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan tadbirkor Jahongir Umarov kaltaklangani haqidagi xabarni rad etdi.
Avvalroq OAVda "Integral Invest" korxonasi rahbarini qo`lga olish chog`ida u huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida xabar tarqalgandi.
"Umarov ishlaydigan ofisda o`tkazilgan tezkor tadbirlar chog`ida uning yonidan umumiy og`irligi 10,22 gramm bo`lgan “opiy” giyohvandlik moddasi aniqlangan va musodara qilingan. Qo`lga olish chog`ida uning tanasida gematomalar va tirnalgan izlar aniqlangan, bu qo`lga olingan shaxsning hujjatli tushuntirishi bilan tasdiqlanadi", – deyiladi ShIIBB xabarida.
Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish ochildi. Dastlabki tergov davomida Umarovning harakatlari Jinoyat kodeksining 276-moddasi, 2-qismi, a-bandi (Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o`tkazish maqsadini ko`zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bo`yicha belgilangan.






