AsosiyJamiyat

Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internatiga nima sababdan faqat Toshkent shahridan o`quvchilar qabul qilinayapti?

'Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internatiga nima sababdan faqat Toshkent shahridan o`quvchilar qabul qilinayapti?'ning rasmi

Mirzo Ulug`bek nomidagi astronomiya, fizika, matematika va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internatiga 2018-2019 o`quv yili uchun o`quvchilar qabuli boshlandi. Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti hamda Innovasion rivojlanish vazirligi hamkorligida 2018-2019 o`quv yili uchun tanlov e`lon qildi.

E`londa maktab-internatga Toshkent shahrida joylashgan maktablarning 6-sinf bitiruvchilari tanlov asosida 7-sinfga qabul qilinadi, deyilgan. Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida qabul uchun mas`ul, Innovasiya vazirligi etakchi mutaxassisi Azim Azamatov bilan bog`landik va izoh so`radik. Uning qayd etishicha:

- Hozirda qurilish ishlari olib borilayotgani munosabati bilan 2018-2019 o`quv yili uchun qabul faqat Toshkent shahridan amalga oshiriladi. Kelgusi yildan boshlab esa respublikamizning barcha hududlaridan o`quvchilar qabul qilinadi. Hozircha ikkita sinf (bitta rus va bitta o`zbekcha) uchun o`quvchilar saralab olinishi nazarda tutilgan. Har bir sinfga 20 tadan o`rin ajratilgan. Hujjatlar joriy yilning 5 avgustiga qadar qabul qilinadi. Ta`lim o`zbek va rus tillarida olib boriladi. Tanlov fizika, matematika va ingliz tili fanlaridan test sinovlari shaklida o`tkaziladi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabr kuni imzolangan “Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog`ini tashkil etish to`g`risida”gi qaroriga asosan Astronomiya instituti qoshida matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqur o`rgatishga ixtisoslashtirilgan Mirzo Ulug`bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internati tashkil etilgan bo`lib, maktabda 200 nafar o`quvchi tahsil olishi hamda va 150 o`rinli turar joy binosi tashkil etilishi ko`zda tutilgan edi.

Hujjatga binoan qurilish-ta`mirlash, ta`lim muassasasini jihozlash ishlari O`zbekiston Respublikasining 2018 yil Investisiya dasturi doirasida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Ta`lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Buyurtmachi sifatida Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi” injiniring kompaniyasi belgilangan va barcha qurilish-ta`mirlash ishlarini 2018 yil 1 avgustiga qadar yakunlash rejalashtirilgandi.

Maktab-internat 2018-2019 o`quv yili boshlanguniga qadar Xalq ta`limi vazirligi tomonidan barcha zarur mebel, o`quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, darslik va o`quv-metodik qo`llanmalar bilan ta`minlanishi kerak.

    Boshqa yangiliklar