AsosiyJamiyat

Rektorlar qabul jarayonlarini shaffof, adolatli va halol o`tkazishga va`da berishdi

'Rektorlar  qabul jarayonlarini shaffof, adolatli va halol o`tkazishga va`da berishdi'ning rasmi

Xalqaro press-klubda “Qabul - 2018: Shaffoflik, halollik, adolat mezonlari va innovasion yondashuvlar” mavzusida o`tkazilgan navbatdagi sessiyada 2018-2019 yillarda oliy o`quv yurtlariga qabul jarayoni va test imtihonlariga tayyorgarlik ishlari hamda bugun dolzarb bo`lib turgan juda muhim masalalar va muammoli vaziyatlar tahlil qilindi. Unda O`zbekiston universitetlari tarixida birinchi marta Rektorlarning murojaati havola etildi va qabul qilindi.

“Biz – ko`p sonli rektorlar ta`lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, unga ilg`or innovasion g`oyalarni olib kirish, yoshlarning iste`dodlarini namoyon etishlari uchun etarlicha shart-sharoitlar yaratib berish bilan birgalikda soha rivojiga salbiy ta`sir etishi mumkin bo`lgan va zamonaviy ta`limning oyog`iga kishan bo`lib turgan illat- poraxo`rlik va ta`magirlikning oldini olish, har ishda halol va vijdonan yo`l tutish, oliy ta`lim muassasalarini haqiqiy ma`nodagi ma`rifat va halollik maskaniga aylantirish, shuningdek, bu yilgi qabul jarayonlarini shaffof, adolatli va halol o`tkazishga va`da beramiz.”- deyiladi, murojaatda.

Matnda abiturientlarning o`z bilimigagiga ishonishi lozimligi qayd etilgan: “Ko`ryapsizki, yoshlarning ilm-fan va kasb-hunar sirlarini egallashlari uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar muhayyo qilib berilmoqda. Bugun o`zingiz uchun kasb tanlab, o`qishga kirishga ahd qildingizmi, o`z bilimingizga, aql-zakovatingizga va sizlarga shu sharoitlarni yaratib bergan Prezident ishonchiga munosib bo`ling va munosib ish qiling. Kirish imtihonlariga, test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko`rib, bu imtihonlardan o`z bilimingiz bilan o`tishga bel bog`lang.”

Shuningdek, ota-onalar ham halollikka chaqirildi. “Afsuski, tovlamachilar va firibgarlarning dunyoqarashi o`zgarmayapti. Ular hamon eskicha o`y-xayollarda, mo`may va qing`ir yo`llar bilan daromad topish ilinjida yuribdi. Ularning tuzog`iga ilinib qolmang”, deyiladi murojaatda. - Xalqimizda “qars ikki qo`ldan chiqadi” degan naql bor. “Korrupsiya to`g`risida”gi Qonunning tegishli bandlariga ko`ra pora bergan ham, pora olgan ham qonun oldida teng javobgar sanaladi va muqarrar jazoga tortiladi. Farzandingizga yordam beraman desangiz, noo`rin va pinhona hatti-harakatlarga yo`l qo`ymang! Bu yo`ldagi nojo`ya qadam bilingki, kun o`tib bir kun bolangiz kelajagi uchun qattiq zarba bo`lishi mumkin.

Albatta, ta`limdagi korrupsiya taraqqiyotning eng asosiy kushandasi sanaladi. Rektorlar ushbu murojaatda imtihonlarni shaffof o`tkazishga va`da berish barobarida aholini ham bu kabi qing`ir harakatlarga chek qo`yishga chaqirishmoqda. Bu quvonarli hol. Umid qilamizki, imtihonlar vaqtida har yili urchiydigan shubha gumonlar bu yil qulog`imizga chalinmaydi. Zero murojaatnomada qayd etilganidek, pora bilan o`qishga kirgan inson, butun hayoti davomida shu pulni qaytarib ishlab olish harakatida bo`ladi. U o`qituvchimi yoki shifokor, mas`ul mutasaddimi yoki oddiy ishchi qat`iy nazar oldiga kelgan har bir insonga “tovar” sifatida qaraydi va undan doimo ta`ma qiladi.

    Boshqa yangiliklar