AsosiyJamiyat

Yuz yil avval qurilgan jadid maktabi tiklanadi

'Yuz yil avval qurilgan jadid maktabi tiklanadi'ning rasmi

Holvoyi mahallasida yuz yil avval qurilgan eski jadid maktabi bor.

Asoschisi Saidahmad Siddiqiy Ajziy bo`lib, u jadidchilik harakatining peshqadam vakillaridan edi. Bugungacha ma`rifatparvar shoir asos solgan maktab e`tibordan chetda qolib kelayotgandi.

Yaqinda salkam vayrona holga kelib qolgan maktab binosini asl holicha tiklash ishlari boshlandi. To`rt xonadan iborat tarixiy bino to`liq res­tavrasiya qilinib, Ajziy merosini o`zida jamlagan muzeyga aylantiriladi.

XX asrning boshlarida "Zarafshon" nomli kutubxona ham el orasida ancha shuhrat topgan. Holvoyidagi mazkur kutubxonada Rossiya, Qrim, Kavkaz, Tbilisi, Makka va boshqa shaharlarda chop etilgan nodir kitoblar jamlangan bo`lib, ularni shoirning o`zi xorijga qilgan safarlari chog`ida keltirgani ma`lum. Eski jadid maktabining bir qismida ana shu kutubxona ham qayta tiklanadi.

Taniqli olim, professor Begali Qosimov 1989 yilda Ajziyning jadidchilik faoliyatini tadqiq etish uchun ushbu maktabga tashrif buyuradi. Ayanchli ahvolni ko`rgach, borini saqlab qolish, muzeyga aylantirish haqida tuman mutasaddilari va aholiga murojaat qilgandi. Bu haqda "Sharq yulduzi" jurnalida "Shoir xotirasini izlab" nomli maqola ham chop etilgan.

Ushbu tashabbusni qo`llab-quvvatlagan Ozod Sharafiddinov, Botirxon Valixo`jaev kabi taniqli olim va ijodkorlar maktabga kelishgan, taklif va tashabbus ko`rsatishgan. Ibrat merosi Namanganda qanday qadr topgan bo`lsa, Ajziy maktabi ham Samarqand ilmiy-adabiy muhiti rivojiga katta hissa qo`shgan maskan sifatida qadr topishga haqli, degan edi Begali Qosimov.

Bugun oradan yillar o`tib, ana shu orzular amalga oshayotganday.

– Yoshim 82 da, boshlang`ich bilimni shu maktabda olganman, – deydi Holvoyi mahallasi faoli Juma Abdukarimov. – Bino urush va urushdan keyingi yillarda ikki marta ta`mirlandi, xolos. Nurab ketgan xonalarda 2000 yilgacha dars o`tilgan. Olimlar kelgan yili esimda. Maktabning ahvoli haqida yozilgan maqolalarni o`qiganmiz. O`zim ham yigirma yildan beri shu joyni muzeyga aylantirish tashvishida elib-yuguraman. Bormagan, murojaat qilmagan joyim qolmadi. Ajziyning nabiralariga maslahat soldim. Kenjasi Feruza Siddiqova ham to`rt yil avval olamdan o`tdi. Binoni asrab qolishda ularning hissasi katta bo`ldi. Ammo asosiy rejamiz amalga oshmay qolayotgandi. Nihoyat, bu ishga evaralari bosh qo`shadigan bo`lishdi.

– Bobomiz Saidahmad Siddiqiyning merosi bizda qariyb saqlanmagan, – deydi shoirning evarasi Bahodir Bahronov. – 125 yillik yubileyida maktabga topshirganmiz. Hozircha, kimlarning qo`lida ekani noma`lum. Ta`mirlash ishlariga akamiz sarmoya ajratdi. Binoning tashqi fasadini tiklash jarayoni ketmoqda. Fishtidan tortib, tomigacha asl holiga qaytarilyapti. Nasib qilsa, ikki xonasi hozirgi 19-umumta`lim maktabi ixtiyoriga o`tkaziladi. Joriy o`quv yilidan 40-50 nafar boshlang`ich sinf o`quvchilari tarixiy maktabning zamonaviy o`quv xonalarida tahsil oladilar.

Qurilish ishlari yakunlangach, muzeyni eksponatlar bilan boyitish kerak bo`ladi. Shoir, publisist, tarjimon, munaqqid, maorif xodimi sifatida faoliyat yuritgan Ajziydan boy ma`naviy meros qolgan. Qolaversa, maktab va jadidlar faoliyatiga aloqador kitoblar, o`quv qurollari, asbob-uskunalar kimlarningdir qo`lida saqlanib qolgan bo`lishi mumkin. Ularni to`plash, muzeyga keltirishda olimlar, pedagog va maorif xodimlari qatorida keng jamoatchilik jonbozlik ko`rsatadi, degan umiddamiz.

Ajabmaski, Ajziyning o`zi yozganidek, uzoq yillik intizorlikdan so`ng, tarixiy maktabga yana nur, ziyo qaytsa:

Vatan xarobasin islohina intizoridayam,

Bu intizorima bir intizordir bois...

Sherzod Isoqulov,

"Jomboy tongi" muxbiri.

    Boshqa yangiliklar