Prezidentimizning 2018 yil 28 iyundagi qarori bilan Samarqand shahrida tashkil etilgan “Ipak yo`li” turizm xalqaro universiteti 2018/2019 o`quv yilidan talabalarni o`qita boshlaydi.
Buning uchun mazkur qarorda belgilanganidek, universitet bakalavriatiga turizm, turizm sohasida loyihalash, turizm sohasida marketing, turizm sohasida xizmatlar texnologiyasi va ularni tashkil etish, turizm faoliyatida logistika, kasb ta`limi, mehmonxona biznesi, restoran biznesi, ommaviy tadbirlar menejmenti (“Event management”) yo`nalishlari bo`yicha 125 nafar yosh talabalikka qabul qilinadi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
– Prezidentimiz qarori asosida universitet uchun ajratilgan binoda joriy yilning 8 iyulida abiturientlardan hujjat qabul qilish boshlandi, – deydi “Ipak yo`li” turizm xalqaro universiteti qabul komissiyasi mas`ul kotibi o`rinbosari Aziz To`xtamishev. – Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Qabulga Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, viloyatdagi boshqa oliy ta`lim muassasalarining malakali xodimlari jalb etildi. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi vakillari ham bu jarayonda bizga yaqindan yordam bermoqda. 23 iyulgacha 1107 nafar yigit-qiz hujjat topshirdi. Kasb ta`limi (turizm), turizm (faoliyat yo`nalishlari bo`yicha) yo`nalishlarida abiturientlar ko`pchilikni tashkil etmoqda. Hujjat topshirgan yoshlar orasida muddatli harbiy xizmat chog`ida harbiy qism qo`mondonligi tavsiyanomasini olganlar hozircha 18 nafarni, nogironligi bo`lgan shaxslar 6 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, chet tili bo`yicha ilg`or, e`tirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari sertifikatiga ega bo`lgan 10 nafar abiturient hujjat topshirgan. Abiturientlardan hujjat qabul qilish 25 iyul kuni yakunlanadi.
Universitet bakalavriatiga hujjat topshirgan abiturientlar test sinovlari orqali o`qishga qabul qilinadi. Chet el fuqarolari esa belgilangan qabul kvotasidan tashqari suhbat o`tkaziladi, to`lov-kontrakt asosida o`qiydi.
Turizm sohasida kadrlar tayyorlaydigan boshqa oliy ta`lim muassasalaridan farqli o`laroq, mazkur universitetda barcha ta`lim yo`nalishlarida test sinovlarida birinchi blok chet tili fani hisoblanadi.
– Yangi universitet tashkil etilganini eshitib, yaxshi niyatlar bilan shu dargohga hujjat topshirdim, – deydi Namangan viloyati Chust tumanidan M.O`lmasova. – Chunki turizm sohasiga juda qiziqaman. Kelajakda ushbu soha bo`yicha yaxshi mutaxassis bo`lib, mamlakatimizda sayyohlikni yanada rivojlantirishga hissa qo`shishni maqsad qilganman.
Qabul komissiyasi ma`lumotlariga ko`ra, universitetga o`qish uchun yurtimizning barcha viloyatlaridan abiturientlar hujjat topshirgan.
Universitet faoliyatini tashkil etish bo`yicha ishlar muvofiqlashtirilishi va o`quv majmuasi tayyorlanishi inobatga olingan holda, 2018/2019 o`quv yili uchun o`qish 2018 yil 1 oktyabrdan boshlanadi.






