O`zbekiston musulmonlari idorasi internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy xatlar orqali ayrim imom-xatiblarning ishdan bo`shash sabablarini so`rab ko`plab murojaatlar kelib tushayotganini ma`lum qildi va bu savollarga oydinlik kiritdi.
Idoraning ma`lum qilishicha, ayrim imom-xatiblardagi o`zibo`larchilikka berilish, loqaydlikka yo`l qo`yish va sustkashlik qilish kabi holatlar ko`pchilikning dilini xira qilmoqda.
“Tan olish kerak, Islom dini ma`rifatini keng targ`ib etish, xalqimizning talab-istaklarini qondirish va jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashish ishiga barcha imom-xatiblar birdek yondoshmayotgani ma`lum bo`lmoqda. Hukumatimiz diniy soha rivoji uchun bir qator shart-sharoitlarni muhayyo etib bermoqdaki, bir vaqtlar xayol ham qilib bo`lmaydigan ishlar bugun ko`z o`ngimizda namoyon bo`lmoqda. Lekin mana shunday qulaylik va engilliklarga zid ravishda ayrim masjidlardagi noxush manzaralar va imom-xatiblar faoliyatidagi nuqsonlar ko`ngilni ranjitmoqda. Ba`zi masjidlarning qarovsizligi, ayrim imom-domlalarning beparvoligi yuqoridagi mulohazalarni tasdiqlaydi”, - deyiladi idora bayonotida.
Idoraning ma`lum qilishicha, Sirdaryo viloyatida 3 nafar diniy ma`lumotga ega bo`lmagan kishi imomlik qilayotgani, 4 ta masjidda imom-xatib vazifasi vakantligi, FHDYo organidan ro`yxatdan o`tmagan shaxslarga nikoh o`qish kuzatilgani, ajrimlar soni ortgani va ayrim imomlar namozxonlarga qo`pol muomalada bo`layotgani aniqlangan. Shuning uchun Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Mo`minjon domla Usmonov egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.
Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Odilxon qori Ismoilov ham masjid tartib-intizomiga rioya etmagani, kundalik namozlarda muntazam bo`lmagani, tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatish kabi nuqsonlar hamda bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli ishdan olingan.
Farg`ona viloyati Farg`ona tumani bosh imom-xatibi Hasanboy Ashurov ham topshiriqlarni paysalga solishi, itoatsizligi va muomala madaniyati imomlikka noloyiq bo`lgani uchun ishdan ketdi. Shuningdek, Samarqand tumanidagi “Imomi A`zam” jome masjidi imom-xatibi Abdurahim Po`latov kabi imom-xatiblar ham mana shunday xato-kamchiliklar tufayli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.
“Aslida imom-domlalarning ishdan bo`shash sabablarini shunday ochiqlashni istamagan edik. Lekin internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi ochiqdan-ochiq so`rovlar, murojaatlar mana shunday qilishga majbur etdi. Xulosa, mo`min-musulmonlar tomonidan imom-xatiblarga berilgan ishonchni oqlash vojib. Buning uchun zimmadagi mas`uliyatni bajarish, vazifani ado qilish zarur. Bu yo`lda tinimsiz mehnat, itoat va kasb-mahoratni oshirib borish talab etiladi”, - deyiladi O`zbekiston musulmonlari idorasi bayonotida.






