AsosiyJamiyat

Uy-joylarni buzishda ko`plab qonunbuzarliklar aniqlandi

'Uy-joylarni buzishda ko`plab qonunbuzarliklar aniqlandi'ning rasmi

Adliya organlari tomonidan 2016-2018 yillarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarini olib qo`yilishida qonun hujjatlariga rioya etilishi ahvoli o`rganildi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Er uchastkasining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi munosabati bilan 2016-2018 yillarda respublika bo`yicha 4 689 ta turar va 1 456 ta noturar joylar buzilgan.

O`rganish er uchastkalarini olib qo`yishda ayrim hokimliklar tomonidan qonunchilik talablari buzilganligini ko`satdi. Xususan:

1. Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga (keyingi o`rinlarda – Nizom) ko`ra er uchastkasi olib qo`yilishi munosabati bilan mol-mulki buzilishga tushgan mulkdorlar buzilish boshlanishidan olti oy kechikmay yozma xabardor qilinishi shart bo`lsada, buzilgan turar joy egalari 688 ta holatda (Namangan – 569 ta, Andijon 57 ta, Navoiy – 31 ta, Buxoro – 22, Samarqand – 7 ta) umuman xabardor qilinmagan, 985 ta holatda (Xorazm – 212 ta, Samarqand – 189 ta, Surxondaryo – 172 ta, Qoraqalpog`iston – 125 ta) xabardor qilish muddatiga rioya qilinmagan. –

Masalan, Namangan shahri, Uychi ko`chasidagi 358 ta turar joylar mulkdorlari yozma ravishda xabardor qilinmasdan 2016 yilning avgust oyida buzib yuborilgan. Xiva shahridagi 84 ta turar joylar mulkdorlariga yozma xabar berilgandan 5-7 kun o`tib buzilgan.

2. Nizom talablariga zid ravishda 100 ta holatda (Andijon – 56 ta, Navoiy –31 ta, Buxoro – 6 ta, Xorazm – 4 ta, Namangan – 2 ta, Jizzax – 1 ta) buzilgan turar joylar baholanmagan bo`lsada, ular uchun kompensasiya to`langan.

Shuningdek, 391 ta holatda (Andijon – 192, Xorazm – 138, Samarqand – 37, Qashqadaryo – 14 ta, Qoraqalpog`iston – 9 ta) esa turar joylar buzilgandan keyin baholangan.

Masalan, Qo`rg`ontepa tumanida 5 ta turar joylar baholanmasdan 104 mln. so`m kompensasiya to`langan. Andijon shahrida 2016 yil may oyida buzilgan 42 ta turar joyni baholash 2018 yil 23 aprelda, ya`ni oradan 2 yil o`tib amalga oshirilgan.

3. Qonunchilikka ko`ra, davlat va jamoat manfaatlari uchun olingan er uchastkalarida joylashgan ko`chmas mulklar uchun kompensasiya to`lovi buzilishidan oldin to`lanishi shartligi belgilangan bo`lsada, respublika bo`yicha turar joylari buzilgan 37 nafar mulkdorga – 3 mlrd. 252 mln. so`m umuman to`lanmagan, 215 nafariga esa – 15 mlrd. 67 mln. so`m to`liq to`lab berilmagan.

Xususan, Namanganda – 6 mlrd. 889 mln. so`m, Sirdaryoda – 5 mlrd. 753 mln. so`m, Navoiyda –1 mlrd. so`m, Jizzaxda – 601 mln. so`m, Xorazmda – 444 mln. so`m, Andijonda va Surxondaryoda – 136 mln. so`mdan, Qashqadaryoda – 91 mln. so`m kompensasiya to`lovlari bugunga qadar to`lanmay kelinmoqda.

Masalan, To`raqo`rg`on tumani Pastnaymancha va Xo`jand mahallalari hududida 2017 yil may-iyun oylarida buzilgan 14 ta turar joylar uchun hisoblangan 1 mlrd. so`m kompensasiya puli umuman to`lanmagan.

Guliston shahrida 2017 yil may-sentyabr oylarida buzilgan 113 ta turar joylar uchun to`lanishi lozim bo`lgan kompensasiya mablag`ining 5 mlrd. 753 mln. so`mi to`lanmay kelinmoqda.

Xuddi shunday, noturar joylari buzilgan 13 nafar mulkdorlarga 1 mlrd. 583 mln. so`m umuman, 24 nafariga esa 1 mlrd. 300 mln. so`m qisman kompensasiya to`lanmay kelinmoqda. Buzilgan 255 ta noturar joy mulkdorlariga bino-inshoot qurish uchun er uchastkalari ajratilmagan.

Bundan tashqari, deyarli barcha hududlarda turar joylar buzilishi munosabati bilan mulkdorlarni (ularning oila a`zolarini) vaqtinchalik turar-joy bilan ta`minlash yoki ularga ijara haqi va ko`chib o`tish xarajatlarini qoplab berish amaliyoti yo`lga qo`yilmagan.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha tuman (shahar) hokimliklariga adliya organlarining inson huquqlarini himoya qilish bo`limlari tomonidan 127 ta taqdimnoma va 52 ta ogohnomalar kiritilib, huquqbuzarliklar sodir etgan 74 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma`muriy bayonnomalar tegishli sudlarga yuborildi.

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli taqdimnomalar kiritildi va bu haqda Hukumatga axborot berildi.

Hozirda tuman (shahar) adliya bo`limlari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va bu jarayonda fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash masalalari yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirmoqdalar.

Shuningdek, sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlari vazirlik tomonidan xatlovdan o`tkazilib, ularni takomillashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

    Boshqa yangiliklar