Toshkent shahrida 2016-2017 yillar davomida uy-joyga muhtoj bo`lgan 118 nafar etim bolaning arizasi ro`yxatga olingan. Murojaatlarning 50 tasi bugungi kunga qadar hal etilmagan. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Ayrim hududlarda bunday bolalarga ajratilayotgan uylarning ahvoli yaxshi emasligi, eski va nurab ketgani, ko`p qavatli uylardagi xonadonlarning kommunal tizimi nosozligi, yashash sharoiti yaratilmagani, shuningdek, ijaraga berilganlarining shartnoma muddatlari tugashi bilan chiqarib yuborilishi, xususiylashtirish mumkin emasligi ijtimoiy himoyadagi bolalar oldiga keskin muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bunday holatlarga Toshkent shahrida, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Namangan viloyatlarida duch kelingan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo`mitasi tomonidan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning huquqiy kafolatlari: amaliyot, muammo va istiqboldagi rejalar” mavzusida o`tkazilgan davra suhbatida ushbu muammolar qattiq tanqid qilinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog`idan mahrum, etim bolalarni ijtimoiy himoya qilishga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalari muhokama etildi.
Ayni muammolardan kelib chiqib, davra suhbatida bola huquqlarini ta`minlash sohasidagi ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida qo`mita tomonidan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar va etim bolalarning ijtimoiy himoyasi kafolatlari to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qonun loyihasida ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar va etim bolalarning alohida huquqlari kafolatlanishini belgilash, ularning ta`lim olishi, mehnat qilishi, sog`lig`ini tiklashi, uy-joy bilan ta`minlanishi va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishiga oid normalar qizg`in bahs-munozaralarga sabab bo`ldi. Eng muhimi, qonun loyihasida bunday bolalarni huquqiy jihatdan muhofazalashda yuridik xizmat va sud himoyasi kabi tushunchalar kiritilib, yangi mexanizmlar joriy qilish taklif etilmoqda.






