Toshkent shahar IIBB YHXBda yo`l harakati qoidalarini buzganligi uchun haydovchilar tomonidan to`lanadigan ma`muriy jarimalarning yangi tartibi joriy etilmoqda. Bu haqda IIBB rasmiy saytida ma`lum qilindi.
Avvallari, yo`l harakati qoidasi buzilgan vaziyatda YPX inspektori bayonnoma asosida qoidabuzarning haydovchilik guvohnomasini olib qo`yar edi. Haydovchi esa guvohnomasini qaytarib olish uchun dastlab YHXBga borishga majbur edi. Bu erda to`lov kvitansiyasini olib, belgilangan jarima summasini to`laganidan so`ng hujjatlarini qaytarib olardi. Bunday ish uslubi fuqarolarning vaqtini olar, navbatlarning ko`payishiga sabab bo`lardi.
Yangi tartibga ko`ra, YPX noziri sodir etilgan ma`muriy qoidabuzarlik haqidagi bayonnomani maxsus elektron dastur orqali YHXBning Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtiradi. O`z navbatida tizim avtomatik ravishda “elektron” bayonnomani “O`zbekiston pochtasi” AJga yuboradi. Shundan so`ng, qoidabuzarning uyiga jarima to`lovi haqidagi ma`lumotnoma keladi. Ushbu turdagi jarimalar faqatgina billing tizimi orqali to`lanadi.
Billing tizimi orqali jarima to`lovlarini istalgan bank muassasasida plastik kartochkasi yoki elektron to`lovlar tizimi yordamida amalga oshirish mumkin. Bu jarayonda avvalgidek kvitansiyalar to`ldirilmaydi. Jarima to`lovi haqidagi ma`lumotnomalarning har biri o`ziga xos identifikasion raqamlardan iborat bo`ladi.
To`lovlarni 15 kun ichida amalga oshirish talab etiladi. Aks holda qarzdorlik haqidagi ma`lumotlar O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi majburiy ijro Byurosiga taqdim etiladi.






