2018 yil 25 iyul kuni O‘zLiDePning “O`zbekistonga investisiyalarni jalb etish va eksportni rivojlantirish” loyihasi, O`zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo`llab-quvvatlash markazi va Sankt-Peterburg shahri ma`muriyati tashabbusi bilan “O`zbekiston va Rossiya: to`qimachilik sanoatini rivojlantirishda hamkorlik istiqbollari” mavzusida navbatdagi onlayn-konferensiya tashkil etildi.
Tadbirning maqsadi – ikki mamlakat tadbirkorlari o`rtasida bevosita ishbilarmonlik aloqalarini, savdo-iqtisodiy va investision hamkorlikni o`rnatish, tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha korxonalar o`rtasida kooperasiyani chuqurlashtirishga ko`maklashishdan iborat.
O‘zLiDeP vakillari ta`kidlaganidek, so`nggi paytlarda partiya faoliyatiga 2017-2021 yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishlari bo`yicha Harakatlar strategiyasining eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari tuzilmasi va geografiyasini diversifikasiyalash sohasidagi eng muhim vazifalarni hal etishga ko`maklashishga doir yangi, innovasion usullari joriy etilmoqda.

Bunda ustuvor vazifa sifatida to`qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini modernizasiyalash va diversifikasiyalash masalalari tashqi bozorlarda xaridorgir bo`lgan raqobatbardosh tayyor mahsulotlar hajmi va turlarini kengaytirish, paxta tolasini ishlab chiqarish va qayta ishlash samaradorligi va rentabelligini oshirishning eng muhim va zarur sharti sifatida ko`rib chiqilmoqda.
2017 yil dekabr oyida Prezidentimiz tomonidan “To`qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmon imzolangani, 2017-2019 yillarda To`qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilishi respublika to`qimachilik sanoatini jadal rivojlantirish jarayonlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Xususan, Dasturga muvofiq, 2020 yilga kelib ip-kalava ishlab chiqarilishini 2,5 barobarga, tayyor matolar – 2,8 barobarga, ipak matolar – 2,7 barobarga, noto`qima materiallar – 1,5 barobarga, trikotaj mato – 2,7 barobarga oshirish rejalashtirilmoqda. Agar mato ishlab chiqarish xajmi 2011 yilda 85,63 mln.kv.metrni tashkil etgan bo`lsa, 2020 yilda ushbu ko`rsatkich 459,2 mln.kv.m dan oshadi. O`sish 5,4 barobarni tashkil etadi.
Shuningdek, tikuvchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish 3,2 barobarga, trikotaj mahsulotlarni – 2,1 barobarga, ipak xomashyosini 2,1 barobarga oshirish rejalashtirilgan. So`nggi 10 yilda mamlakatdagi to`qimachilik korxonalari ishlab chiqarish quvvatlari 100 foizga yangilanganini, ilg`or asbob-uskunalar o`rnatilganligini hisobga olsak, bu yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish, yirik chet el bozorlariga ilgari surish deganidir. Rossiya bozori esa o`zbek to`qimachilik sanoati ishlab chiqaruvchilari uchun xaridorgir va istiqbolli sanaladi.

Onlayn konferensiyada rossiyalik ishtirokchilarning ta`kidlashicha, Sankt-Peterburg va O`zbekiston tadbirkorlarining mazkur biznes-forumi ikki davlat Prezidentlari o`rtasida erishilgan savdo-iqtisodiy va investision sohalarda Rossiya-O`zbekiston hamkorligini kengaytirish va mustahkamlash to`g`risidagi kelishuvlarni hamda Sankt-Peterburg va Toshkent o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi Bitimni amalga oshirish doirasida tashkil etilgan.
Unda Rossiya tomonidan 50 nafar rossiyalik tadbirkorlar va ishbilarmonlar, biznes va tarmoq tuzilmalari vakillari ishtirok etdi. Qatnashchilar orasida shuningdek Sankt-Peterburg qonunchilik hokimiyati vakillari, Sankt-Peterburg ma`muriyatining tashqi aloqalar qo`mitasi mas`ul xodimlari ham bor.
Bularning barchasi rossiyalik iste`molchilarning sifatli o`zbek to`qimachilik mahsulotlariga bo`lgan qiziqishi, o`zaro manfaatli savdo va investision munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlash, O`zbekiston mahsulotini Rossiya bozoriga ilgari surish uchun hali ishga solinmagan salohiyat va katta imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi.
“O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi vakillari fikricha, eksport mahsulot ishlab chiqarish, yangi texnologiyalar, sohadagi tovarlar bozorini rivojlantirish uchun iqtisodiy o`sishning kuchli rag`batlantiruvchi omili hisoblanadi. “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi korxonalari o`z mahsulotlarini dunyoning 55 mamlakatiga eksport qiladi, bunda sotish qamrovi doimiy ravishda kengayib bormoqda. Jumladan, to`qimachilik va tikuvchilik-trikotaj tarmog`i korxonalari o`z mahsulotlarini MDH, Evropa mamlakatlariga hamda XXR, AQSh, Kanada va arab davlatlariga etkazib beradi.
Shu o`rinda ta`kiddash lozimki, O‘zLiDePning xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish, shu jumladan, yirik biznes va investision loyihalarni amalga oshirish borasidagi salmoqli innovasion tajribasi ushbu eng muhim vazifalarni samarali hal etishga ko`maklashadi. U O`zbekiston va xorij mamlakatlari, xususan, Rossiya biznes tuzilmalari o`rtasida ishbilarmonlik muloqotini yangi darajaga olib chiqmoqda.

Bundan ko`zlangan asosiy maqsad – mahsulotlarimiz eksportiga, investisiyalar, yuksak texnologiyalar va “nou-xau”larni mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilishga, davlatni innovasion rivojlantirishga, Harakatlar strategiyasida belgilangan boshqa ustuvor vazifalarni hal etishga ko`maklashishdan iborat.
Umuman olganda, tadbir ishtirokchilari qayd etgandek, biznes-forum Sankt-Peterburg va O`zbekiston tadbirkorlari o`rtasida uzoq muddatli munosabatlar va sheriklik aloqalarini o`rnatish uchun qulay maydoncha yaratdi. Tomonlarning tadbirkorlar muloqotini, shu jumladan, iqtisodiyot, ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlari bo`yicha doimiy ravishda davom ettirishdan manfaatdorligi qayd etildi.






