Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar berildi.
Qarorga muvofiq quyidagilarning soliqlar, penyalar, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari bo`yicha hisoblangan qarzlaridan voz kechildi (hisobdan chiqarildi):
2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo`qotgan jismoniy shaxslar va 2018 yil 1 apreldan moliyaviy-xo`jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;
davlat ro`yxatidan o`tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanganligi uchun bir yillik qat`iy belgilangan soliq summasi hisoblangan jismoniy shaxslar.
Qarzdan voz kechilishi uchun mazkur shaxslar 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda tadbirkorlik faoliyatini tiklashi yoki davlat ro`yxatdan o`tgan holda faoliyatni davom ettirishi lozim bo`ladi.






