1

Toshkentda 13 nafar tadbirkorni katta mablag`ga tushirgan jinoiy guruh qo`lga olindi

Jinoyat 29.07.2018, 19:10
Toshkentda 13 nafar tadbirkorni katta mablag`ga tushirgan jinoiy guruh qo`lga olindi

Toshkentda firibgarlik, zo`ravonlik hamda transport vositalarini olib qochish bilan shug`ullanib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga oid tergov-surishtiruv ishlari yakuniga etkazildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi. Guruhning to`rtinchi a`zosiga nisbatan ayni vaqtda qidiruv e`lon qilingan.

Xabarda aytilishicha, firibgarlik bilan shug`ullanib kelgan 29 yoshli T.Jamshid, 20 yoshli T.Mirkomil va 21 yoshli M. Azimhojilar firibgarlik, zo`ravonlik hamda transport vositalarini olib qochish bilan shug`ullanib kelganliklari aniqlandi.

“T.Mirkomil hamda uning sheriklari oziq-ovqat va maishiy texnika savdosi bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlarni bir necha oy davomida aldab kelgan. Xususan, ular tadbirkorlardan katta pul miqdoridagi turli tovar va mahsulotlarni sotib berish uchun olgan. Ishonarli bo`lishi uchun hatto ijaraga ofis ham ochilgan”, - deyiladi xabarda.

Ular mahsulotlarni o`z bahosidan arzon narxda sotib, pullarning bir qismini tovar egasiga dastlabki daromad sifatida qaytargan. Shu yo`l bilan yangi mahsulotlarni olish uchun boshqa tadbirkor oldiga borishgan. Bu usul bilan jinoiy guruh a`zolari 13 nafar tadbirkorni chuv tushirgan.

Firibgarlar vaqti-vaqti bilan tadbirkorlarga pullarining bir qismini berib kelganligi natijasida tadbirkorlar shubhaga bormay, pullarining qaytarilishini kutib yuravergan.

Jinoiy guruh a`zolari keyinchalik og`irroq jinoyatga ham qo`l ura boshlagan. Jumladan, jabrlanganlardan biri A.Muhammadsodiqni ish yuzasidan uchrashuvga chaqirib, uni zo`ravonlik bilan salonga o`tqazadi. Jinoyatchilardan biri esa mashina boshqaruvini o`z qo`liga oladi va noma`lum tarafga yo`l oladi. Yo`lda jinoiy guruh a`zolari tadbirkor hayotiga tahdid qilib, undan katta summadagi mahsulotlarni talab qilishadi. Mashina svetoforning qizil chirog`ida to`xtaydi. Muhammadsodiq esa fursatdan unumli foydalanib avtomobildan tushib qoladi va jinoyatchilardan qochib ketishga muvaffaq bo`ladi.

U bo`lib o`tgan voqea yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. Transport vositasining olib qochilganligi va sodir etilgan zo`ravonlik yuzasidan jinoyat ish qo`zg`atiladi. Tergov-surishtiruv jarayonida T.Mirkomil va uning sheriklari tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyatlari fosh etildi. Jinoiy guruh tomonidan 13 nafar tadbirkorga keltirilgan zarar miqdori 400 million so`mni tashkil etgani aniqlandi.

Ayni vaqtda mazkur ish sudda ko`rib chiqilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1