AsosiyJamiyat

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rahbari O`zbekistonga keladi

'Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rahbari O`zbekistonga keladi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligida etuk olimlar va sohaning tajribali mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruhlar tomonidan tayyorlanayotgan Konsepsiya loyihasi doirasida dunyoning tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasini o`rganish maqsadida Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning nufuzli delegasiyasi mamlakatimizga taklif etildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ma`lum qildi.

Ayni paytda yurtimizda bo`lib turgan JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi etakchi eksperti Melitta Yakab boshchiligida delegasiya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlarni har tomonlama o`rganib, sog`liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha ishlab chiqilayotgan Konsepsiya loyihasi yuzasidan takliflar tayyorlamoqda.

Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va delegasiya ekspertlari o`rtasida bo`lib o`tgan muloqotda tizimni tubdan takomillashtirishga qaratilgan Konsepsiya loyihasi yuzasidan ko`plab takliflar o`rtaga tashlandi. Uchrashuvda O`zbekiston tibbiyot tizimi bilan tanishish maqsadida shu yil JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesusning tashrifi kutilayotgani ham ma`lum qilindi.

– Biz yurtingizga ushbu Konsepsiyani hamkorlikda tayyorlash uchun kelganmiz, – deydi JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi etakchi eksperti Melitta Yakab. – E`tiborli jihati, so`nggi ikki yil ichida O`zbekiston tibbiyotda tanlagan o`z strategiyasi bilan Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining faol a`zosiga aylandi. Bundan buyon ham ko`p tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga tayyormiz.

Eslatib o`tamiz, mamlakatimizda faol ish olib borayotgan mazkur xalqaro delegasiya tashrifi yakunlari bo`yicha O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimidagi islohotlarni rivojlantirishga qaratilgan taqdimot o`tkazilishi ham rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar