Giyohvand modda savdosi bilan shug`ullanayotgan fermer “faoliyati”ga chek qo`yildi

Jinoyat 04.08.2018, 18:29
Giyohvand modda savdosi bilan shug`ullanayotgan fermer “faoliyati”ga chek qo`yildi

Joriy yilning 19 iyulida Xorazm viloyati IIB va Hazorasp tumani IIB xodimlari tomonidan o`tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir natijasida Hazorasp tumanida yashovchi, 1970 yilda tug`ilgan Mirxoldor Rayimov (materialda keltirilgan ism-familiyalar o`zgartirilgan) 2,35 gramm geroin giyohvandlik vositasini 700 ming so`mga sotayotganida qo`lga olindi.

Shundan so`ng uning yoni ko`zdan kechirilganida 4,4 gramm yana shunday giyohvand modda borligi aniqlandi. Giyohfurush uni ham kelgusida sotish maqsadini ko`zlab cho`ntagida saqlab yurgani ma`lum bo`ldi.

Oilali, to`rt nafar farzandning otasi, oliy ma`lumotli Mirxoldor Rayimov bu ishi qonunga xilof ekanligini bilmasmidi? Bu savolni o`rtaga tashlashning o`zi o`rinsiz albatta. Bilib jinoyatga qo`l urish – qing`ir ishni qasddan sodir etish demak.

Rayimov ayni damda fermer xo`jaligi rahbari sifatida faoliyat olib boradi. Bu harakat chorasizlik, bekorchilik yoki pulsizlikdan qilinmadi. Buni to`qlikka sho`xlik yoki oson pul topishga urinish, deb atash mumkin. Qing`ir yo`lni tutgan fermer qishloqdoshlari orasida ham o`ziga bo`lgan hurmatini yo`qotdi.

Hazorasp tuman IIB tergov bo`limidan olingan ma`lumotga ko`ra, M. Rayimovning o`zi tibbiy ekspertizadan o`tkazilganda uning qon tahlillarida giyohvand modda borligi aniqlangan. Bu esa uning o`zi ham giyohvand ekanligidan dalolat beradi.

To`kis oilaning rahbari, kasb-korga ega bir insonning bu yo`lga qanday kirib qolgani kishini o`yga toldiradi. Bu vaziyatga nisbatan befarqlik davom etganida, holatning oldi olinmaganida yana nimalar bo`lishi mumkin edi?

O`zA xabariga ko`ra, mazkur holat yuzasidan bugungi kunda jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1