AsosiyJamiyat

​«GM Uzbekistan» avtomobillar sotuvini qayta yo`lga qo`ydi, narxlar o'rtacha 7,7 foizga oshirildi

'​«GM Uzbekistan» avtomobillar sotuvini qayta yo`lga qo`ydi, narxlar o'rtacha 7,7 foizga oshirildi'ning rasmi

O`zining avtomobil sanoatiga egaligi mamlakatning milliy g`ururi va xavfsizligi sanaladi. Ushbu tendensiyalar soha rivojiga davlat ko`magi ajratilayotgan, yuqori taraqqiy etgan va shiddat bilan rivojlanib borayotgan dunyo mamlakatlari uchun ma`lum.

Mamlakatimiz Hukumati yordamida, vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar, shu jumladan xalqaro mutaxassislar ishtirokida, aholi fikri va munosabatini o`rganish orqali "O`zavtosanoat" aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxining shakllanishi tamoyillari va narxga doir hisob-kitoblarning nechog`li asoslanganligi o`rganildi.

O`tkazilgan tahlillar natijasida, ayrim avtomobillar narxini o`rtacha 7,7foizga oshirish bo`yicha og`ir va jamoatchilik o`rtasida u qadar yaxshi qabul qilinmasligi mumkin bo`lgan qaror qabul qilindi.

Shu o`rinda aytish joizki, «Spark», «Neksiya» va «Kobalt» kabi hamyonbop va hammabop avtomobillarning narxi o`zgarishsiz qoldi.

Mazkur qaror qabul qilinayotganda “GM Uzbekistan” AJning og`ir moliyaviy ahvoli hamda ayrim modellarning ishlab chiqarilishi norentabelligi hisobga olindi, lekin aksiz solig`ining optimallashtirilishi hamda dillerlar marjasining pasaytirilishi hisobiga narxlarning keskin ko`tarilishiga yo`l qo`yilmadi.

Ta`kidlash joizki, avtomobillarning chakana narxlari hamda aksiz soliq stavkasi saqlab qolingan taqdirda kompaniya, demakki, asosiy aksiyador bo`lmish davlat 2018 yil oxiriga kelib katta zarar ko`rishi va bu zararlar keyinchalik hattoki avtomobil sotib olmagan oddiy soliq to`lovchiga ham yuk bo`lib tushishi mumkin edi.

Xavfsizlik va qulaylik tizimini oshirish maqsadida yaqin kelajakda avtomobillar mijoz istagiga ko`ra orqa salonni shamollatish, yo`nalish turg`unligi tizimi, o`rindiqlar va old oynani isitish kabi qo`shimcha opsiyalar bilan jihozlanishi yo`lga qo`yiladi.

Shu o`rinda, 2018 yilning 1 avgust sanasiga qadar 85% jismoniy shaxslar va 100% yuridik shaxslar tomonidan to`lov amalga oshirilgan shartnomalar bo`yicha avtomobillarni etkazib berish shartnomada ko`rsatilgan narx va muddatlarda amalga oshiriladi.

Qabul qilingan qarorga va avtomobil sanoatining kelajagiga yuqori javobgarlikni his qilgan holda “O`zavtosanoat” AJ sohada faoliyat yuritayotgan korxonalarning samaradorligini oshirish, avtomobillar savdo mexanizmi shaffofligini kuchaytirish, modellar qatorini kengaytirish, lokalizasiyani chuqurlashtirish, yangi hamkorlar va investorlarni jalb qilish bo`yicha keng ko`lamli ishlarni olib boradi.

    Boshqa yangiliklar