Samarqand davlat universitetida "Qatag`on qurbonlari xotirasi" muzeyi ochildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag`on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori B.Hasanov, Samarqand viloyati hokimi o`rinbosari R.Qobilov va boshqalar Vatanimiz mustaqilligi hamda tinchligi yo`lida qurbon bo`lganlar xotirasini abadiylashtirish borasida mamlakatimizda keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta`kidladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag`on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta`lim muassasalari tuzilmasida Qatag`on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ham shu maqsadga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
– Yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yo`lida jon fido qilganlar xotirasini abadiylashtirish, ularning mardligi va jasorati haqida yosh avlodga ta`sirchan ma`lumotlar etkazish muhim vazifamiz hisoblanadi, – deydi muzey direktori Suyun Karimov. – Muzeyni tashkil etishda belgilangan nizom talablariga e`tibor qaratildi. Xususan, ma`rifatparvar, xalqparvar ajdodlarimizning el-yurt ozodligi, xalqni ma`rifatli qilish borasidagi mashaqqatli mehnatlari haqida keng ma`lumotlar to`plandi. Tarixiy hujjatlar, ashyolar jamlanib, muzeydan o`rin oldi.
Muzeyda “O`rta Osiyo (Turkiston)ning Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi va mahalliy xalqning bunga qarshi kurashi, Samarqandning bosib olinishi (1868-1900)”, “Milliy uyg`onish harakati, uning namoyon bo`lishi va amaliy yo`nalishlari (1901-1917)”, “Turkiston muxtoriyati hukumati tugatilishi va sovet davlatida qatag`on siyosatining boshlanishi (1917-1924)”, “1937-1938 yillardagi siyosiy qatag`onlar”, “1940-1950 yillardagi qatag`on siyosati”, “Mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi, qatag`on qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish yo`lida amalga oshirilgan tarixiy ishlar (1991 yildan keyingi davr)” kabi 8 bo`lim mavjud.
Ularda mustamlakachilik va mustabid tuzum davrida ro`y bergan hodisalar, ushbu davrda Vatanimiz ozodligi va mustaqilligi yo`lida jon qurbon qilgan, qatag`on etilgan ajdodlarimiz hayoti va faoliyati haqida atroflicha ma`lumotlar keltirilgan. Shuningdek, ushbu davrlarga oid suratlar va turli buyumlar muzey eksponatlari qatoridan joy olgan.






