Iqtisodiyot vazirligida “Obod qishloq” dasturining ijrosi va istiqboldagi vazifalar mavzusiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Unda Iqtisodiyot, Moliya, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Davlat avtomobil yo`llari qo`mitasi, "O`zbekenergo", "O`ztransgaz" aksiyadorlik jamiyatlari, "Mahalla" xayriya jamoat fondi mas`ul xodimlari ishtirok etdi, deb yozmoqda O`zA.
“Obod qishloq” dasturining ijrosi ilk bor Jizzax viloyatining Do`stlik tumanidagi Manas qishlog`ida o`z amaliy ifodasini topdi. Manas bor-yo`g`i 45 kunda tubdan yangilanib, fayzli maskanga aylantirildi. Endilikda Manas tajribasi asosida respublikadagi barcha qishloqlar qiyofasini o`zgartirish va iqtisodiy-ijtimoiy muhitni tubdan yaxshilashga e`tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda “Obod qishloq” dasturi bo`yicha 416 qishloqda ishlar jadal amalga oshirilmoqda. Dasturga kiritilgan barcha qishloq aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqildi. Qishloqlar qiyofasini o`zgartirish uchun birinchi navbatda, uy-joylarni ta`mirlash va tartibga keltirish talab etiladi. Jumladan, 263 mingta uy-joy to`liq xatlovdan o`tkazilib, ularning 132,4 mingtasi ta`mirtalab ahvolda ekanligi aniqlandi.
Dastur doirasida aholining ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash uchun 2 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 17,9 mingta oqava suv xandaqlarida ta`mirlash-tiklash, elektr ta`minotini yaxshilash maqsadida 3 ming 971 kilometr past kuchlanishli tarmoqlar va 2 ming 384 dona transformator punktlarini modernizasiyalash va rekonstruksiya qilish ko`zda tutilmoqda.
Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta`minotini yaxshilash bo`yicha 417 kilometr gaz quvurlarini ta`mirlash, 374 kilometr gaz quvurlarini bosim ostida sinash va 198 kilometr tarmoqlarning texnik holatini maxsus uskunalar yordamida diagnostikadan o`tkazish belgilab olindi. Bugungi kunga qadar, ushbu tadbirlar doirasida 674 kilometr gaz quvurlari ta`mirlandi, 352 kilometr gaz quvurlari maxsus priborlar yordamida diagnostikadan o`tkazildi va 1 ming 720 dona gaz taqsimlash punktlari texnik ko`rikdan o`tkazildi. Bundan tashqari, suyultirilgan gaz ta`minotidagi qishloqlarga 48 ming dona gaz ballonlar tarqatish rejalashtirilgan bo`lib, bugungi kunga qadar 55 ming dona etkazib berildi.
2 ming 589 kilometr yo`llarni ta`mirlash, jumladan, 5 kilometr yo`lda kapital ta`mirlash va 2 ming 584 kilometr yo`llarda joriy ta`mirlash ishlari bajariladi. Bunda, mavjud asfalt-beton qoplamali yo`llar joriy ta`mirlanadi hamda tuproq yo`llar shag`al yo`llarga o`tkaziladi. Bugungi kunga qadar ushbu tadbirlar doirasida 1 ming 469 kilometr avtomobil yo`llari joriy ta`mirlandi.
Davlatimiz rahbarining topshirig`iga ko`ra, “Obod qishloq” dasturini 2019 yilda amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi qaror loyihasi tayyorlandi. Keyingi yilda mamlakatimizning har bir tumanida 3 tadan qishloq tanlab olish belgilangan. Dastlabki manzilli ro`yxatga ko`ra, 2019 yilda 159 tumandagi 477 qishloqda qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi ko`zda tutilmoqda. Ushbu qishloqlarda qurilish-obodonlashtirish ishlari joriy yilning 1 oktyabridan boshlanishi ko`zda tutilmoqda va barcha zaruriy tashkiliy masalalar qaror bilan belgilangan.






