AsosiyJamiyat

Milliy gvardiyaga kontrakt asosida xizmatga qabul qilish tartibi belgilandi

'Milliy gvardiyaga kontrakt asosida xizmatga qabul qilish tartibi belgilandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo`linmalariga kontrakt bo`yicha harbiy xizmatga nomzodlarni tanlash va qabul qilish tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi, deb xabar berdi “Huquqiy axborot” kanali.

Nizomga muvofiq, Milliy gvardiya bo`linmalariga kontrakt bo`yicha harbiy xizmatga qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi va tanlovda Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o`tagan (o`tayotgan) va safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni o`tagan shaxslar, oliy ta`lim muassasalarida harbiy tayyorgarlikdan o`tgan shaxslar, muqaddam oddiy askarlar, serjantlar va ofiserlar tarkibidagi lavozimlarda kontrakt bo`yicha harbiy xizmatni o`tagan shaxslar qatnashishi mumkin.

Tanlov yakka tartibda suhbat, harbiy-professional tanlash, tibbiy ko`rikdan iborat uch bosqichda amalga oshiriladi.

Nizomga muvofiq, nomzod bo`yining balandligi quyidagi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi talab etiladi:

- Faxriy qorovul bo`linmalariga — 185 santimetrdan past bo`lmasligi;

- Otliq askarlar eskadroniga — 175 santimetrdan past bo`lmasligi;

- boshqa barcha bo`linmalarga — 180 santimetrdan past bo`lmasligi lozim.

Shuningdek harbiy-professional tanlash tadbirlari umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash, individual-psixologik o`rganish bosqichlarida amalga oshiriladi.

Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bo`yicha sinovda qoniqarsiz deb baholangan nomzod, umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash mashqlarini u baholangan kundan boshlab 1 yil davomida 3 marotaba qayta topshirishi mumkin, biroq sinov bo`lib o`tgan kunning o`zida qayta topshirishga yo`l qo`yilmaydi.

Individual-psixologik o`rganish test shaklida amalga oshiriladi.

Test sinovlarini 2 oydan keyin qayta topshirishga ruxsat beriladi. Bunda 1 yil davomida qayta topshirishlar soni 2 marotabadan oshmasligi lozim.

    Boshqa yangiliklar