Pasport tizimi to`g`risidagi nizomga o`zgartirish kiritildi.
O`zbekiston Respublikasida pasport tizimi to`g`risidagi nizomga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqidagi Prezident Farmoni qabul qilingani haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar qilmoqda.
O`zgartirishlarga asosan, fuqarolar doimiy ro`yxati mavjud bo`lmaganida, oldingi doimiy ro`yxatda turadigan joyidagi, propiskaga oid ma`lumotlar mavjud bo`lmagan hollarda o`zi turgan joyidagi ma`lumotlarni yig`ish punktiga (pasport stolga) murojaat qilishi mumkin.
Farmon bilan yo`qotilgan pasport o`rniga pasport berish tartibi belgilandi.
Unga muvofiq, pasportini yo`qotgan fuqaro zudlik bilan doimiy ro`yxatda turgan joyidagi ma`lumotlarni yig`ish punktiga (pasport stol) xabar berishi lozim.
Vaqtincha xorijda bo`lgan fuqarolar pasportlarini yo`qotib qo`ysalar, pasport yaroqsiz holga kelsa yoki uning amal qilish muddati tugasa O`zbekistonga qaytish guvohnomasini olish uchun konsullik vakolatxonasiga murojaat etadi.
Pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar yo`qotilganligi to`g`risida ishlar organlari tomonidan ma`lumotnoma beriladi.
Pasporti o`g`irlab ketilgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan shaxslar va tabiiy ofatlar natijasida pasportlari yo`qolganligi to`g`risida ariza bilan murojaat etgan shaxslar ma`muriy javobgarlikka tortilmaydilar.
Fuqaro pasportini yo`qotganda pasport yo`qolgani xaqida ariza berilgan kundan boshlab bir oy ichida unga yangi pasport beriladi. Bu muddat yana bir oyga uzaytirilishi, istisno tariqasida bunday arizalarni ko`rib chiqish muddati olti oygacha cho`zilishi mumkin.






