Jizzax viloyatning sarmoyaviy salohiyatini oshirish va to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb etishga bag`ishlangan xalqaro forumda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gresiya, Ispaniya, Rossiya, Belarus, Latviya, Turkiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, BAA, Isroil, Qozog`iston, Singapur singari 28 mamlakatdan 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda. Bu haqda sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, chet el diplomatik missiyalari, qator xalqaro moliya institutlari, yirik xorijiy kompaniyalar vakillari ham ishtirok etishyapti.
Ushbu xalqaro investision forum doirasida O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov hamda Germaniyaning nufuzli «VAMs GmbH» kompaniyasi rahbari Isroil Izoxov o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi kelishuv imzolandi. Unga ko`ra, mamlakatimizda aholiga nefrologik va gemodializ yordam sohasida yangi investisiya loyiha amalga oshiriladi.
Jumladan, yuqoridagi hamkorlik doirasida yurtimiz sog`liqni saqlash tizimiga xususiy investisiyalarni jalb qilish, nefrologiya sohasida dori-darmon va farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish uchun sanoat kompleksini yaratish ko`zda tutilmoqda. Natijada, mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida mavjud gemodializ qurilmalari modernizasiya qilinadi va ularning zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to`liq ta`minlash ishlari amalga oshiriladi. Davlat-xususiy sektor hamkorligi tamoyillari bo`yicha gemodializ xizmatini ko`rsatuvchi 20 ga yaqin yangi tibbiy klinikalar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 2019 yilda Jizzax shahrida tumanlararo gemodializ markazini ochish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, gemodializ uchun tibbiy materiallarni ishlab chiqaruvchi zavod quriladi.
Ushbu kelishuv bo`yicha 2022 yilgacha rejalashtirilgan investisiya hajmi 27 million AQSh dollarini tashkil etadi.






