Bir necha kun ichida Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi “Qorasuv” suv omborida tonnalab baliqlar suvsizlikdan nobud bo`ldi. Suv omborida sazan, belomor, chyorno-pyostraya, do`ng peshona kabi 5 turdagi baliqlar bo`lgan.
Yurtimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgan, ularni qo`llab-quvvatlash uchun davlat va hukumat rahbari tomonidan qator talablar qo`yilayotgan bo`lishiga qaramay, ayrim hududlarda ularning xalq, jamiyat manfaati uchun qilayotgan harakatlari bee`tibor qolmoqda. Aks holda 2 yil oldin ezgu niyatlar bilan "Qorasuv" suv omborida baliqchilikni boshlagan tadbirkor bugun boshi berk ko`chaga kirib qolmagan bo`lardi. Sababi unga na tuman hokimligi, na irrigasiya tizimi xodimlari yordam berishni istamadi.
Siz tasvirda ko`rayotgan bu suv ombori 20 avgust kuni Samarqand viloyati hokimi aralashuvi bilan suvga to`lgan. Ungacha esa, baliqlar tashnalikdan qirilib ketib bo`lgandi.
Payariq tumanidagi "Qorasuv" suv omboriga o`tgan yili “Samarqandbaliqsanoat” MCHJ tomonidan 1 mln. dan ortiq baliq urug`i tashlangan. Bu yil suv omboriga suv kelmay, qirg`oqchilik bo`ldi. Baliqchi Akmal Mamatqulovning aytishicha, suv muammosini bartaraf etishda yordam berishini so`rab, murojaat qilmagan joyi qolmagan.
"Sevimli" telekanalining "Zamon" informasion dasturi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan lavhada Payariq tumanida baliqlarning nobud bo`lishi bilan bog`liq voqeadan xabardor bo`lgan tegishli tashkilotlar o`z munosabatini bildirdi. Xullas, shuncha baliq nobud bo`lgach, suv omboriga suv keldi. Biroq, shunisi ma`lumki, oqar suvning tanqisligi, suvning to`g`ri yo`naltirilmaganligi natijasida 300 tonna baliq nobud bo`ldi.