Xalqaro miqyosda mamlakatimizning shon-shuhrati, obro`-e`tibori yuqori cho`qqilarni zabt etayotgan bir asnoda yurtimiz bo`ylab Mustaqillik tantanalari keng nishonlanmoqda.
Xususan, Mustaqillik bayrami O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi Davlat korxonasida ham shukuhli nishonlandi.
“Aziz va yagonamsan, jonajon O`zbekistonim!” shiori ostida o`tgan tadbir marosimida Korxona rahbariyati, O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi vakillari hamda “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyining noshirlari ishtirok etishdi.
Ta`kidlash joizki, o`tgan davr mobaynida o`z oldiga qo`ygan vazifalarni, kerak bo`lsa, muddatidan avval hamda sifatli ado etib kelayotgan “O`zbekiston” NMIU jamoasi yuragida “Korxona menga nima berdi emas, men korxonaga nima bera olaman” tuyg`usi chuqur ildiz otgan. Bu ham o`z navbatida, albatta, kitobxon xalqimizning ma`naviy salohiyatini oshirishga muhim hissa bo`lib qo`shiladi.
Bugun xalqimizning, ayniqsa, yoshlarimizning ma`naviyatini, dunyoqarashini shakllantirish hamda boyitish ustuvor masalalardan biri bo`lib bormoqda. Ularning har tomonlama kamol topishlari uchun milliy adabiyotimiz bilan bir qatorda jahon adabiyotidagi istiqlol g`oyalariga mos vatanparvarlik, insonparvarlik kabi yuksak timsollarni haqqoniy aks ettiruvchi badiiy barkamol asarlarning o`rni beqiyosdir. Bejizga yurtboshimiz “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma`naviyatga erishib bo`lmaydi”, deya ta`kidlamaganlar. Shularni hisobga olgan holda, “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi o`zbek o`quvchisi o`qishi shart deb hisoblangan ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy, ma`rifiy, ilmiy, ilmiy-ommabop va boshqa turdagi ko`plab kitob mahsulotlarini nashr etib kelmoqda.
Albatta, ter to`kib bajarilgan mehnat samarasi bir kun yuzaga chiqadi. Shu bois “O`zbekiston” NMIUning bir qator zahmatkashlari istiqlol tantanasi arafasida munosib taqdirlandilar. Jumladan, korxonaning bir guruh ilg`or ishchi-xodimlari bamram munosabati bian O`zbekiston Matbuot va axborot agentligining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar. Faxriy yorliqlarni o`z egalariga topshirish uchun O`zbekiston Matbuot va axborot agentlgi Bosh direktorining birinchi o`rinbosari Shukurov Sobirjon Sayfievich so`zga chiqib, korxona jamoasini bayram bilan samimiy va qizg`in tabrikladi.
Shuningdek, “O`zbekiston” NMIU direktori Mahkamov Qahramon Mirfozilovich bir necha ishchi-xodimlarni korxona Faxriy yorliqlari bilan taqdirladi.
“O`zbekiston” NMIUda ajoyib bir an`ana bor: har yili tantana arafasida “O`z ishining mohir ustasi” nominasiyasi yo`nalishida mehnatkash xodimlar qimmatbaho sovg`alar bilan mukofotlanadilar. Ushbu munosib sovg`alar ham o`z egalariga topshirildi.
Shundan so`ng O`zbekiston Mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan samarali mehnat olib boruvchi fidoiy ishchi-xodimlar qimmatbaho sovg`alar – muzlatkich hamda televizorlar bilan taqdirlandilar.
Ko`ngillarida bayram shukuhi barq urayotgan ishchi-xodimlar ham so`z olib, barchani tantana bilan tabriklashdi.
Bayram tantanalari keng yoyilayotgan bir pallada korxona jamoasi kitobxonlarni “O`zbekiston” NMIUda chop etilayotgan bir-biridan g`aroyib ajoyib kitoblarni mutoaa qilishga chorlab qoladi. Mazkur asarlarni o`qir ekansiz, inoningki, hayotingizda, e`tiqodingizda evrilish paydo bo`ladi. Biz ham ishonamizki, bu asarlar badiiyot, fikr, tafakkur, sirasini aytganda, adabiyotni qadrlaydiganlar uchun ko`ngil hamrohiga aylanadi, o`zbek kitobxonining ham muhabbatini qozonadi. Biz faqat tavsiya etamiz – bu jahon sevgan buyuk asarlarni takror va takror o`qishga, ular orqali qayta-qayta tug`yonli dunyoni kashf etishga arziydi.
"O`zbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyi Matbuot xizmati






