30 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida”gi Farmonni imzoladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma etti yilligi bayrami arafasida xalqimizga xos mehr-shafqat, insonparvarlik, bag`rikenglik, kechirimli bo`lish, olijanoblik kabi ezgu fazilatlarni yanada yuksak namoyon etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 93-moddasi 23-bandiga muvofiq, Farmon bilan qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o`tayotgan 261 nafar fuqaro afv etildi.
Farmonga muvofiq, 215 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinib, oilasi va yaqinlari bag`riga qaytariladi, shuningdek, 46 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.
Afv etilganlarning 5 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 135 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmonga ko`ra, afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug`ullanishi, sog`lom turmush tarzini yo`lga qo`yib, jamiyatda munosib o`rin topishi uchun ularga ko`mak berish yuzasidan mas`ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
31.08.2018 04:50
Bayram arafasida 261 nafar mahbus afv etildi






