O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi majlisining bayoni bilan Namangan davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot va Toshkent davlat agrar universitetlariga 2018/2019 o`quv yili uchun xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan qo`shma ta`lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlash bo`yicha qo`shimcha kvotalar belgilandi. Bu haqida oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, Namangan davlat universitetida Rossiya Federasiyasi Sankt-Peterburg davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikdagi qo`shma dastur asosida 60 nafar talaba qabul qilinadi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Ural davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda to`rtta yo`nalishda 125 nafar, Toshkent davlat agrar universitetida esa Volgograd davlat agrar universiteti bilan birgalikda bitta yo`nalishda 20 nafar talaba qo`shimcha qabul qilinadi.
Qo`shma dasturda belgilangan qabul kvotalarida o`qish to`lov-kontrakt asosida bo`lib, bakalavriat va magistraturaga abiturientlardan hujjatlar shu yilning 15 sentyabrigacha qabul qilinadi.
Kirish imtihonlari oliy ta`lim muassasalari tomonidan shu yilning 17-22 sentyabr kunlari o`tkaziladi.
Imtihonlardan muvaffaqiyatli o`tgan abiturientlar uchun o`qish istisno tariqasida joriy yilning 1 oktyabridan boshlanadi.
Qo`shma dastur doirasida ta`lim oladigan talabalar o`quv jarayonini bir qismini xorijiy oliy ta`lim muassasasida amalga oshiradi.