AsosiyJamiyat

Afv etilganlarning ko`pchiligi bayramni o`z uyida nishonlaydi

'Afv etilganlarning ko`pchiligi bayramni o`z uyida nishonlaydi'ning rasmi

Farmon va ijro

Mustaqillik atalgan bebaho ne`mat xalqimizga nafaqat jahon ayvonida tenglar ichra teng bo`lish baxtini, balki umume`tirof etilgan inson huquqlaridan to`la foydalanish imkonini berdi.

Davlatimizning huquqiy poydevori bo`lgan Bosh qomusimizda insonning erkin yashash, o`qish, ishlash, ijtimoiy himoyalanish kabi asosiy huquqlari kafolatlari mustahkamlandi. Eng asosiysi, inson huquqlari – oliy qadriyat etib belgilandi.

Fuqarolarga berilgan bu imkoniyatlardan barcha birdek, shu jumladan, hayotda bilib-bilmay adashgan kishilar ham bahramand bo`lmoqda. Zero, xalqimizga xos insonparvarlik, bag`rikenglik g`oyalari davlatimiz siyosatining tub mohiyatida mujassamlashtirilgan.

Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoevning afv etishga oid yana bir farmoni e`lon qilingani yurtimizda inson hayoti, erkinligi, sha`ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlarining oliy qadriyat sifatida tan olinishining yana bir yorqin namoyoni bo`ldi.

Qayd etish kerakki, davlat rahbarining 2017 yil dekabr oyida Konstitusiyamizning 25 yilligi arafasida e`lon qilingan farmoni bilan mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni, jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan, tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslar afv etilgan edi.

2018 yil 12 iyunda Ramazon hayiti munosabati bilan e`lon qilingan afvga oid Prezident farmoni bilan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o`tayotgan 226 nafar fuqaro afv etildi.

Vatanimiz Mustaqilligining 27 yilligi arafasida, ya`ni 2018 yil 30 avgustda Prezidentimiz “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida”gi farmonga imzo chekdi.

– Xalqimizning eng ulug` bayrami arafasida Prezidentimizning afv etishga oid farmoni e`lon qilingani xalqimizga xos mehr-shafqat, insonparvarlik, bag`rikenglik, kechirimli bo`lish, olijanoblik kabi ezgu fazilatlarini yanada yuksak namoyon etdi, –deydi O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o`rinbosari, IIV jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig`i Bahrombek Odilov. –O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 93-moddasi 23-bandiga muvofiq qabul qilingan farmon bilan qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o`tayotgan 261 nafar fuqaro afv etildi.

Farmonga muvofiq, 215 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinib, oilasi va yaqinlari bag`riga qaytariladi. Shuningdek, 46 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 5 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 135 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Ayni paytda farmon ijrosini ta`minlash, afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag`riga qaytarish choralari ko`rilmoqda.

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan jazoni ijro etish muassasalarida farmon ijrosiga oid tadbirlar bo`lib o`tdi.

Afv etilganlardan biri – chirqichlik Xurshid Mamatqulovdir. U O`zbekistonda taqiqlangan diniy tashkilotlarga a`zo bo`lgani uchun ozodlikdan mahrum etilgan edi. Qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan, muhimi, hayotda to`g`ri yo`l tanlashni maqsad qilgan Xurshid qamoqdan ozod bo`lib, yaqinlari bag`riga qaytdi.

Andijonlik Marhabo Azizova ham diniy ektremistlar qutqusiga uchganlardan biri edi.

– Uydan, farzandlarimdan ayro tushgandagina oqibatini o`ylamay ish qilganimni tushundim, – deydi M.Azizova. – Ayol uchun yurtning tinchligi, farzandlar kamoli aslida katta baxt ekan. Xatolarimni tushunib, Prezidentimizga kechirim so`rab murojaat qilgan edim. Meni bag`rikenglik qilib kechirganlaridan behad minnatdorman. Bayramni uyda, bolalarim bilan nishonlash baxti nasib etayotganidan quvonchim cheksiz. Buning uchun bag`rikeng xalqimizdan qarzdorman, albatta.

Bugun nafaqat afv etilganlar, balki ularning yaqinlari, oilalariga ham katta xursandchilik tuhfa etilmoqda.

Farmonga ko`ra, afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug`ullanishi, sog`lom turmush tarzini yo`lga qo`yib, jamiyatda munosib o`rin topishi uchun tegishli tashkilotlar barcha zarur ko`mak ko`rsatadi.

Norgul Abduraimova, O`zA

    Boshqa yangiliklar