O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga katta hissa qo`shgan, o`z sohalarida yuqori natijalarga erishgan bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
«O`zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 31 avgust kuni ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo`ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoev yig`ilganlarni Mustaqillik bayrami, davlat mukofotlariga sazovor bo`lgani bilan tabrikladi.
- Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davriga, yangi bosqichiga qadam qo`ydik.Kelajagimizni xalqimiz tomonidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi asosida o`z qo`limiz, o`z kuchimiz bilan barpo etmoqdamiz. Odamlarni rozi qilishni bugungi siyosatimizning bosh maqsadi, deb bilamiz. “O`sish”, “rivojlanish” deganda faqat raqamlarga, miqdor ko`rsatkichlariga emas, avvalo ular aholining kundalik hayotida, uyi va dasturxonida qanday namoyon bo`layotganiga ustuvor ahamiyat qaratayapmiz, - dedi Prezident.
Bugun barcha-barcha jabhalarda o`zgarishlar ro`y bermoqda. Mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, qishloq va mahallarni obod qilish, xalqning turmush darajasini oshirish bo`yicha keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu ishlarga munosib hissa qo`shayotgan, o`zining fidokorona mehnati, Vatanga sadoqati bilan el-yurtga namuna bo`layotgan insonlar xizmatini munosib qadrlanmoqda. Turli sanalar va kasb bayramlari munosabati bilan o`nlab fidoyi insonlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Joriy yilning o`tgan davrida turli sanalar munosabati bilan 320 nafar vatandoshimiz davlatimiz tomonidan faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Bayram arafasida ularning safiga yana 321 kishi qo`shildi.
Prezidentimiz bir guruh yurtdoshlarimizga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.
- Men sizlarning ko`pchiligingizni yaqindan taniyman. Har biringizni o`z mehnati, jonkuyarligi va tashabbuskorligi bilan barchaga o`rnak bo`layotgan hurmatli insonlar sifatida qadrlayman.
Barchangizga tilagim bitta: sizlar mana shunday yutuq va zafarlarni qo`lga kiritishdan hech qachon charchamang. Biz esa sizlarga davlatimizning mana shunday yuksak mukofotlarini topshirishdan charchamaylik, - dedi Shavkat Mirziyoev.







