Bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari — faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Ular orasida tibbiyot sohasining fidoyi vakillari ham bor.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “O`zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma etti yilligi munosabati bilan fan, ta`lim, sog`liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san`at, ma`naviyat va ma`rifat hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to`g`risida”gi farmoniga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yilligi arafasida mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga katta hissa qo`shgan, ijtimoiy-iqtisodiy va ma`naviy-ma`rifiy sohalarda fidoyilik ko`rsatgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari — faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Ular orasida tibbiyot sohasining fidoyi vakillari ham bor.

Sog`liqni saqlash vazirligida ulardan bir guruhiga ushbu yuksak mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Tadbirda Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov ishtirok etib, yig`ilganlarni eng ulug`, eng aziz ayyom — Mustaqilligimizning 27 yilligi bayrami bilan tabriklab, orden va medallarga sazovor bo`lganliklari munosabati bilan samimiy qutladi.

Marosimda qayd etilganidek, so`nggi ikki yil davomida sog`liqni saqlash sohasida ulkan yangilanishlar ro`y berdi. Birinchi navbatda, Prezidentimiz farmon va qarorlari asosida sog`liqni saqlash sohasi faoliyati huquqiy jihatdan takomillashtirildi. Xalqimizni rozi qilish maqsadida birlamchi tibbiyot tizimi faoliyatini tubdan yaxshilash, dori-darmon ta`minoti, hududlarda ixtisoslashtirilgan tibbiyot xizmatlarni yo`lga qo`yish bilan bog`liq ko`plab muhim vazifalar amalga oshirilmoqda. Xorijdagi nufuzli klinikalarda ishlayotgan ko`plab o`zbekistonlik malakali shifokor yurtimizga qaytdi va qulay sharoitlar bilan ta`minlandi. Shuningdek, xorijdagi yirik tibbiyot maskanlarining shifokorlari O`zbekistonga kelib, murakkab operasiyalarni amalga oshirmoqda.
Yana bir muhim jihat, tibbiy xizmat ko`rsatishdan tortib, soha vakillari huquqini himoyalash, ularni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirishni yanada kuchaytirishga qaratilgan konsepsiya ustida ish olib borilmoqda. Bu ham bo`lsa tibbiyot sohasidagi xayrli ishlarni yanada kuchaytirish imkonini berishi shubhasiz.






