2018 yil 1 sentyabrdan bir qator qonun hujjatlaridagi normalar kuchga kiradi. “Huquqiy axborot” kanali ularning ayrimlari bilan qisqacha tanishtirib o`tdi.
1. 2018 yil 1 sentyabrdan O`zbekistonda ro`yxatdan o`tgan yuridik shaxslarga quyidagi huquqlar berildi:
• tegishli lisenziya asosida O`zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish;
• akkreditasiya asosida, ishlash uchun xorijga ketayotgan O`zbekiston fuqarolarining malakasini tasdiqlash borasidagi faoliyat bilan shug`ullanish.

2. Bojxona rasmiylashtiruvi soddalashadi. Bugundan e`tiboran:
• chegara bojxona postlarida nazorat o`tkazilganda veterinar, fitosanitar, ekologik va sanitar-epidemiologik nazorat ham amalga oshiriladi;
• iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a`zo davlatlarning akkreditasiyadan o`tgan organlari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari berilgan, O`zbekistonga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan majburiy muvofiqlik sertifikatlashtirishni amalga oshirish talab etilmaydi;
• tovarlarning “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun tovarlarni davlat tilida majburiy markirovka qilish talab etilmaydi;
• “bojxona ombori” rejimida olti oydan ko`p bo`lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan bojxona to`lovlari yuzasidan taqdim etilgan imtiyozlar qo`llanilmaydi.
3. “Aholi bandligini ta`minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, endilikda shaxsiy tomorqa xo`jaliklarida ishlovchi fuqarolarni band bo`lgan shaxs sifatida hisobga olish mexanizmi joriy etiladi.
4. Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini va innovasiya ishlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy xodimlari, shuningdek, oliy ta`lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o`qituvchilarning maoshi o`rtacha 25 foizga, ilmiy-tadqiqot muassasalari muhandis-texnik xodimlarining ish haqi miqdori esa 30 foizdan 100 foizgacha tabaqalashtirilgan miqdorda oshiriladi.
5. Bugundan boshlab tadbirkorlik sub`ektlarining moliya-xo`jalik faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan rejali tekshiruvlar, shuningdek, soha faoliyatida o`tkaziladigan nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilinadi.
Endilikda tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqish tekshiruvni tashabbus qilishni nazarda tutuvchi “xavfni tahlil etish” tizimi natijalari asosida amalga oshiriladi.

6. 2018 yil 1 sentyabrdan:
• davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarini olib qo`yish to`g`risida qaror qabul qilishga faqat er uchastkasi olib qo`yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o`tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo`l qo`yiladi;
• er uchastkalarini olib qo`yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo`lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko`chmas mulkning bozor qiymati va olib qo`yish sababli mulkdorga etkazilgan zararning o`rni to`liq qoplanganidan keyin ruxsat beriladi;
• jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma`muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida etkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan qoplanadi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi.

7. Mulkchilik shaklidan qat`i nazar, barcha shaxmat klublari hamda shaxmatga o`qitish va tayyorlashni amalga oshiruvchi boshqa sport muassasalari endilikda majburiy akkreditasiyadan o`tkaziladi.

8. Umumiy o`rta ta`lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari shu bugundan boshlang`ich sinf o`qituvchilari uchun 1,1 baravarga, yuqori sinf o`qituvchilari uchun o`rtacha 1,24 baravargacha, direktor, uning o`rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshiriladi.
Shuningdek, umumiy o`rta va o`rta maxsus ta`lim muassasalarida o`quvchilar sonidan kelib chiqib, psixolog shtat birligi maktabdagi o`quvchilar soni 250 nafargacha 1 shtat birligi, 250 nafardan 800 nafargacha 1,5 shtat birligi, 800 nafardan 1600 nafargacha 2 shtat birligi, 1600 nafardan 3000 nafargacha 2,5 shtat birligi, 3000 nafardan ortiq 3 shtat birligi etib belgilanadi.
Bundan tashqari, maktab psixologlarining bazaviy tarif stavkalar mutaxassis o`qituvchilar bazaviy tarif stavkalarining 90 foiziga tenglashtiriladi.

9. “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qaroriga ko`ra, universitet huzurida tashkil etilgan Oliy diplomatiya maktabida bugundan boshlab quyidagi xodimlar toifalari majburiy tartibda qayta tayyorlanadi va malaka oshiradi:
• Tashqi ishlar va Tashqi savdo vazirliklari, tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyatga jalb qilingan boshqa vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ma`muriy-boshqaruv xodimlari – uch yilda bir marta;
• tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida vazifalarni bajarish bilan bog`liq rahbarlik lavozimiga tayinlash uchun zaxiraga olingan davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa ixtisoslashtirilgan davlat muassasalari xodimlari;
• O`zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari hamda xalqaro tashkilotlarning O`zbekiston uchun ajratilgan kvotalariga diplomatik va ma`muriy-texnik lavozimlarga tayinlanadigan xodimlar, shu jumladan, ularning turmush o`rtoqlari;
• xalqaro munosabatlar hamda siyosiy fanlar, xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro ommaviy hamda xususiy huquq, gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati yo`nalishidagi oliy ta`lim muassasalarining pedagog kadrlari – uch yilda bir marta.

10. Qishloq xo`jaligi ekinlari urug`larini eksport qilishda ruxsatnoma talab qilinmaydi. Endilikda bitta viloyatda o`ntadan ko`p, bitta tumanda beshtadan ko`p donli boshoqli ekinlarning rayonlashtirilgan navlarini, shuningdek, bitta viloyatda beshtadan ko`p, bitta tumanda ikkitadan ko`p g`o`zaning rayonlashtirilgan navlarini joylashtirishga yo`l qo`yilmaydi (sinov o`tkazish uchun joylashtiriladigan yangi navlar bundan mustasno).
Shuningdek, donli boshoqli ekinlar va g`o`za navlarini sinovdan o`tkazish muddati ikki yildan, boshqa qishloq xo`jaligi ekinlarini sinovdan o`tkazish muddati bir yildan oshmasligi, O`zbekiston hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo`jaligi ekinlari urug`larining navlarini (donli boshoqli ekinlar, g`o`za va kartoshka urug`laridan tashqari) majburiy ro`yxatdan o`tkazish va Davlat qishloq xo`jalik ekinlari reestriga kiritish to`g`risidagi talab bekor qilinadi.

11. 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab:
• tayyorgarlik (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari, oliy ma`lumotli o`qituvchilar, defektologlar, psixologlar mehnatida haq to`lashning bazaviy tarif stavkalarini, ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini umumta`lim maktablari boshlang`ich sinflari o`qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlariga tenglashtirgan holda – 30 foizga;
• oliy yoki o`rta maxsus, kasb-hunar pedagogik ma`lumotli tarbiyachining o`rinbosarlari mehnatiga haq to`lashning bazaviy tarif stavkalarini – 20 foizga;
• maktabgacha ta`lim muassasalari mudirlari mehnatiga haq to`lashning bazaviy tarif stavkalarini – 10 foizga tabaqalashtirib oshiriladi.







