AsosiyJamiyat

“Eng yaxshi huquq targ`ibotchisi” tanlovi g`oliblari aniqlandi

'“Eng yaxshi huquq targ`ibotchisi” tanlovi g`oliblari aniqlandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “Eng yaxshi huquq targ`ibotchisi” tanlovi tashkil etilgan edi. O`nta nominasiya bo`yicha o`tkazilgan ushbu tanlov o`z nihoyasiga etdi.

Tanlovga ikki oy davomida 170 dan ortiq materiallar kelib tushdi. Tanlov nizomiga muvofiq hakamlar hay`ati ushbu materiallarni o`rganib chiqib, yashirin ovoz berish yo`li bilan g`oliblarni aniqladi.

MARHAMAT, G`OLIBLAR BILAN TANIShING:

1. “Huquqiy targ`ibotdagi fidoiyligi uchun” nominasiyasi bo`yicha:

Muhiddinova Feruza Abdurashidovna – Toshkent davlat yuridik universiteti professori. Respublika miqyosidagi huquqiy targ`ibot guruhlari faol a`zosi. 100 ga yaqin ilmiy ishlar: monografiyalar, risolalar va ilmiy maqolalar muallifi. Huquqiy targ`ibotdagi faolligi uchun qator davlat idoralari va tashkilotlarining tashakkurnoma hamda faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

2. “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi mutaxassis” nominasiyasi bo`yicha:

Xudoyberdiev Xushnudbek G`ayratovich – O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi apparatining Yuridik bo`limi mudiri o`rinbosari. Telegram kanalida “Xushnudbek.uz” nomli kanalni yuritadi. Ushbu kanalda ta`lim, mehnat, iste`molchilik huquqi kabi masalalarda mazmunli va qiziqarli kontentlar muntazam ravishda berib boriladi.

3. “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi jurnalist” nominasiyasi bo`yicha:

Ergasheva Dilfuza Rustamovna – “Inson va qonun” gazetasi adabiy muharriri, jurnalist, bloger. Huquqiy targ`ibot yo`nalishidagi qator materiallari matbuotda va internet sahifalarida e`lon qilingan.

4. “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi OAV” nominasiyasi bo`yicha:

“O`zbekiston 24” telekanali – huquqiy targ`ibot, xususan qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini etkazish yo`nalishida eng faol telekanal.

5. “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi bloger” nominasiyasi bo`yicha:

Kalonov Bahrom Qosimjonovich – taniqli karikaturachi-rassom. U tomonidan chizilgan birgina #bizkorrupsiyagaqarshimiz” xeshtegi ostidagi turkum karikaturalar telegram, feysbuk va instagram ijtimoiy tarmoqlarida million martadan ortiq ko`rilgan.

6. “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi sayt” nominasiyasi bo`yicha:

“Xabar.uz” portali – axborot-tahliliy portal. Mazkur saytda fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy faolligini yanada yuksaltirish, huquqiy savodxonligini oshirish bo`yicha muntazam ravishda huquqiy sohadagi axborot-tahliliy materiallar e`lon qilingan.

7. “Huquqiy targ`ibotdagi eng yaxshi innovasion loyiha” nominasiyasi bo`yicha:

Gafurov Umid Ilhomovich – Ijtimoiy tarmoqlarda “Troll.uz” nomi bilan mashhur bloger. Ijtimoiy tarmoqlar orqali “#bizkorrupsiyagaqarshimiz” xeshtegi ostida “Korrupsiyaga qarshimiz deb turib...” va “Bir gap bilan ta`limdagi korrupsiya...” nomli seriyali postlari keng ommalashdi. Bu postlar hatto qog`ozga bosib chiqarilib mas`ul idoralarda devorlarga osib qo`yilgani haqida axborotlar tarqaldi.

8. “Mahallada huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi faolligi uchun” nominasiyasi bo`yicha:

Ibragimov Farhod Baxodirovich – Jinoyat ishlari bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi sudining katta mutaxassisi. Huquqiy targ`ibot bo`yicha mahallalarda tizimli ravishda uchrashuv va davra suhbatlari tashkil qilgan.

9. “Huquqiy targ`ibotdagi eng yaqin hamkor” nominasiyasi bo`yicha:

“UzReport” telekanali – Huquqiy targ`ibot tadbirlarini, xususan “Adliya axboroti” nomli brifingni eng faol yorituvchi hamkor telekanal.

10. “Eng yosh huquq targ`ibotchisi” nominasiyasi bo`yicha:

Rubsov Yuriy Aleksandrovich – Farg`ona viloyati yuridik kolleji bitiruvchisi (18 yosh). Huquqiy targ`ibotda faol, xususan infografikalar yaratishda yuksak mahoratga ega. Fuqarolik, jinoyat huquqi bo`yicha turli mazmundagi sifatli infografikalar tayyorlab ulardan targ`ibot tadbirlarida samarali foydalangan.

"Adliya vazirligining matbuot xizmati xabariga ko`ra, tanlov g`oliblarini taqdirlash marosimi 12 sentyabr kuni bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar