AsosiyDunyo

Aqto`beda 52 o`zbekistonlikning halokati yuzasidan sud boshlandi

'Aqto`beda 52 o`zbekistonlikning halokati yuzasidan sud boshlandi'ning rasmi

Qozog`istonning Aqto`be shahrida 52 nafar o`zbekistonlikning umriga zomin bo`lgan avtobusdagi yong`in bo`yicha sud o`z ishini boshladi, deb xabar berdi TASS.

Fojea joriy yilning 18 yanvar kuni sodir bo`lgan edi. O`zbekiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus Aqto`be viloyatining Irgiz tumanidagi trassada yonib ketgan. Besh kishi tirik qolgan, 52 kishi hodisa joyida halok bo`lgan. Yong`in olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish sababli kelib chiqqan. Tergov jarayonida haydovchi salonni kavshar lampada isitmoqchi bo`lgani aniqlangan.

Sud eshituvlariga 11 kishi - O`zbekistondan fojea oqibatida hayotdan ko`z yumganlarning qarindoshlari hamda ayblanuvchi - avtobus haydovchisi Maqsat Pernebekovning opasi ham etib kelgan.

Sudlanuvchilar besh kishi bo`lib, ular uch nafar avtobus haydovchisi hamda “Aziya tranzit servis” transport kompaniyasi ta`sischisi va bu kompaniya mexanigidir. Avtobus haydovchilari – Nurjan Qirg`izbaev, Maqsat Pernebekov va Barat Tanatov 2018 yilning 26 yanvaridan beri Aqto`bedagi tergov izolyatorida hibsda ushlab turilibdi. Ularga nisbatan ikki va undan ortiq kishining o`limiga olib kelgan yong`in xavfsizligi talablari va transport vositalari ekspluatasiyasi qoidalarini buzish aybi qo`yilmoqda.

Qolgan ikki nafar sudlanuvchi Aqto`bedan chiqib ketmaslik borasida tilxat bilan ozodlikka chiqarilgan edi. Kompaniya ta`sischilariga yuridik shaxs sifatida o`z zimmalariga olgan majburiyatlarni bajarmaslik va nosoz transport vositasini ekspluatasiyaga chiqarish, hujjatlarni soxtalashtirish kabi ayblar qo`yilmoqda. Mexanikka nosoz avtobusni yo`nalishga chiqarish aybi qo`yilgan.

    Boshqa yangiliklar