Avval xabar berilganidek, bugun 5 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A.Aripov rahbarligida 2018 yil paxta hosilini yig`ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Bu yil paxta yig`im-terimi uchun 26 mingdan ziyod terim otryadi tuzilib, 2 milliondan ortiq terimchi jalb etilishi qayd etildi. Xohlagan odam ixtiyoriy ravishda mehnat ta`tiliga chiqib, paxta yig`im-terimida ishtirok etishi mumkin. Bunda u ma`lum terim otryadiga biriktiriladi, mehnat shartnomasi tuziladi hamda to`liq mehnat haqini olish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Davlat ehtiyojlari uchun kontraktasiya shartnomalarida belgilangan miqdordan ortiqcha topshirgan fermer xo`jaliklariga paxta xomashyosi xarid narxlariga 15 foiz miqdorida ustama to`lanadi.
Qayd etildiki, 18 yoshga to`lmagan yoshlar, umumta`lim maktablari yoki boshqa ta`lim muassasalari o`quvchilari hamda o`qituvchilari, tibbiyot xodimlarini paxta yig`im-terimiga jalb etish qat`iyan taqiqlanadi. Shuningdek, aholini majburan paxta terimiga olib chiqishga yo`l qo`yilmaydi. Bu hol kuzatilgan taqdirda tegishli jazo choralari qo`llaniladi. Terimchilarni tushlik, ichimlik suvi bilan ta`minlash, paxta maydoniga olib borish va olib kelish fermer xo`jaligi tomonidan amalga oshiriladi.
Paxta yig`im-terimi mavsumida Vazirlar Mahkamasidan vakillar biriktirilib, ma`lum hududlarga yuboriladi. Ushbu vakil u erdagi mehnat sharoitlarini nazorat qiladi, metodik tushuncha va maslahatlar beradi, qo`yilgan vazifalarning vaqtida va shaffof bajarilishini o`rganadi. Prokuraturadan biriktirilgan xodimlar majburiy mehnatning oldini olish, fermer va terimchilarning manfaatini himoya qilish bo`yicha ishlarni amalga oshiradi.
Bosh vazir ushbu ishlarni tizimli va uyushqoqlik bilan amalga oshirish, odamlarning ongi va yondashuvini o`zgartirish, tartib buzilishi holatlarida zudlik bilan axborot berishda ommaviy axborot vositalari haqiqiy yordamchi bo`lishi zarurligini ta`kidladi.






