Samarqand viloyatidagi ta`lim muassasalarida ham yangi – 2018/2019 o`quv yili “Aziz va yagonamsan, jonajon O`zbekistonim!” shiori ostidagi "Mustaqillik darslari" bilan boshlandi.
Yangi o`quv yilining boshlanishi va "Mustaqillik darslari"da viloyatdagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi, deb xabar berdi O`zA.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov Samarqand shahridagi 37-umumta`lim maktabida o`tkazilgan tadbirlarda ishtirok etib, o`qituvchi va o`quvchilarni yangi o`quv yili bilan tabrikladi.
Yangi o`quv yilida viloyatdagi 1 ming 200 umumta`lim maktabida 683 ming nafar o`quvchi ta`lim-tarbiya oladi. Jumladan, 78 ming nafar bola ilk bor maktab ostonasiga qadam qo`ydi. Ularga o`quv qurollaridan iborat Prezident sovg`asi topshirildi.
Joriy yilgi investisiya dasturi hamda “Obod qishloq“ va “Obod mahalla“ dasturlari asosida viloyatdagi 98 maktabda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Maktablarga 226 nomdagi jami 3 million 297 ming dona darsliklar etkazib berildi.
Yangi o`quv yilida umumta`lim maktablarining 10-sinfida o`qishni davom ettiradigan 56 ming 250 nafar, 11-sinfida o`qiydigan 30 ming 203 nafar o`quvchiga kasb-hunar o`rgatish maqsadida o`quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan.
Viloyat hokimi yurtimizda ta`lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samaralari haqida gapirib, o`quvchilarga o`qishda muvaffaqiyat tiladi. Yuqori kayfiyatda yangi o`quv yilini boshlayotgan o`qituvchi va murabbiylarning sharafli, ayni chog`da yuksak mas`uliyatli ishini e`tirof etib, ularga minnatdorlik bildirdi.






