Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tashabbusi asosida O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida AQShning Vebster universiteti bilan hamkorlikda TESL — “Ingliz tilini ikkinchi til sifatida o`qitish” akademik dasturi bo`yicha bir yillik magistratura yo`lga qo`yildi.
Mazkur loyiha AQShning Markaziy Osiyodagi ilk magistrlik ta`lim loyihasi bo`lib, u O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil may oyidagi AQShga davlat tashrifi chog`ida ikki mamlakat o`rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish to`g`risidagi imzolangan shartnomaga muvofiq amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi rahbariyati hamda Vebster universitetining vise-prezidenti Piter Maxer ishtirokida hamkorlikda tashkil etilgan magistratura dasturi tanatnali ravishda ochildi.
Ilk marotaba yo`lga qo`yilgan hamkorlikdagi dasturda ishtirok etish uchun nafaqat O`zbekiston, balki Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan hujjat topshirgan talabgorlar orasidan 125 nafari tanlov asosida o`qishga qabul qilindi.
Bir yillik magistraturada o`qitish to`liq Vebster universiteti o`quv dasturlari asosida amalga oshirilib, mashg`ulotlar Vebster universitetining malakali mutaxassislari bilan bir qatorda O`zDJTUning maxsus tanlovdan o`tgan professor-o`qituvchilari tomonidan olib boriladi.
Dastur doirasida o`qishlarini muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarga Vebster universitetining magistrlik diplomi beriladi.






