Shahrisabz shahrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2018 yilning 6-10 snetyabr kunlari I Xalqaro maqom anjumani o`tkazilmoqda.
Shu maqsadda bobokalonimiz Amir Temurning mahobatli haykali o`rnatilgan Oqsaroy maydoni hududida respublikamizning har bir viloyatining o`ziga xos milliy urf-odat va an`nalari, tarixiy obidalarini aks ettiruvchi namunalar o`rnatilgan. Bu erda turli sahna ko`rinishlari, milliy kuy-qo`shiqlar, yallayu laparlar ijro etilayapti.
Xalqaro maqom san`ati anjumanida 75 davlatdan 300 dan ortiq san`atkorlar ishtirok etish istagini bildirgan. Mahalliy elektron va bosma OAV vakillaridan tashqari ko`plab chet el ommaviy axborot vositalari xodimlari mazkur anjumanni yoritish uchun ro`yxatdan o`tgan.
Ayni paytda I Xalqaro maqom anjumani ishini ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun maxsus tashkil etilgan Matbuot markazi mahalliy va xalqaro jurnalistlar bilan gavjum. Ularning anjuman haqidagi fikrlariga qiziqdik.
– Anjumanni yuksak saviyada o`tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko`rilgan, – deydi “Rossiya 1” telekanali jurnalisti Robert Fransev. – Oqsaroy hududida mamlakat viloyat va shaharlarining diqqatga sazovar joylari, tarixiy obidalari, milliy urf-odat va an`analaridan namunalar tashkil etilgani anjumanga o`ziga xos mazmun bag`ishlagan. Ular menda katta taasurot qoldirdi. Maqom san`ati O`zbekistonning milliy brendi sifatida dunyoga tanilishi, shubhasiz.