AsosiyJamiyat

2018 yil paxta hosilini 34 ta tuman hasharchilarsiz terib oladi

'2018 yil paxta hosilini 34 ta tuman hasharchilarsiz terib oladi'ning rasmi

2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig`ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma`lum qildi.

Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

• paxta xom ashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 400 ming so`m xizmat haqi to`lash;

• paxta xom ashyosining qo`lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda kontraktasiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so`m, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha – 850 so`m, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda – 1000 so`m mehnat haqi to`lash.

Bundan tashqari, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida (paxta-to`qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) qo`lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo`shimcha 150 so`m, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 so`m, jami 300 so`m ustama haqi to`lanishi nazarda tutilgan. Ushbu mablag`lar Qishloq xo`jaligini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash jamg`armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Qarorda belgilanganidek, otryad rahbarlari terilgan paxta miqdoridan kelib chiqqan holda mehnat haqini oshirib borish asosida rag`batlantiriladi.

Paxta yig`im-terimida ish kuchi etishmovchiligi kuzatilgan taqdirda, tumanlar hokimliklari hamda tuman fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashlarining buyurtmalariga asosan tuman (shahar) bandlikka ko`maklashish markazlari tomonidan qo`shimcha terimchilar ixtiyoriy ravishda jalb etiladi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan paxta hosilini nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yig`ib-terib olishni tashkil etish, mavsumda qatnashayotgan terimchilarga mehnat haqi to`lash hamda ish kuchi etishmovchiligi mavjud tumanlarga qo`shimcha terimchilarni jalb qilish va ularga kafolatlangan haq to`lash bo`yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Eslatib o`tamiz, shu mavsumdan boshlab paxta yig`im-terimi bo`yicha qishloq xo`jaligi ishlariga jalb qilingan shaxslardan pensiya jamg`armasi uchun sug`urta badallari undirilmaydi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda 2018 yil paxta hosilini yordamchi kuchlarisiz (hasharchilarsiz) terib oladigan tumanlar ro`yxati quyida keltirilgan.

01.JPG02.JPG03.JPG

    Boshqa yangiliklar