AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Internetdagi saytlardan foydalanishni cheklash tartibi belgilandi

'O`zbekistonda Internetdagi saytlardan foydalanishni cheklash tartibi belgilandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo`lgan Internet tarmog`i veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifalaridan foydalanishni cheklash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

Butunjahon Internet tarmog`ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Qaror bilan O`zbekiston Respublikasi Qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo`lgan Internet tarmog`i veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifalaridan foydalanishni cheklash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko`ra, Taqiqlangan axborot mavjud bo`lgan butunjahon Internet tarmog`idagi axborot resurslari reestri yuritiladi. Ushbu Reestrga kiritilgan axborot resurslaridan foydalanish cheklanadi.

Internetdagi axborot resurslaridan foydalanishni cheklash uch bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda, taqiqlangan axborot mavjud bo`lgan resurslarni aniqlanadi. Ushbu bosqichdagi harakatlar Ommaviy kommunikasiyalar sohasidagi monitoring markazi tomonidan amalga oshiriladi. Markazga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan belgilangan tartibda kelib tushgan murojaatlar ham monitoring olib borishga asos bo`ladi.

Monitoring natijasida taqiqlangan axborot mavjud bo`lgan Internet tarmog`i axborot resursi aniqlangan taqdirda Markaz bu bo`yicha xulosa tayyorlaydi.

Ikkinchi bosqichda axborot resursi Reestrga kiritiladi. Reestrga kiritish uchun Ommaviy kommunikasiyalar sohasidagi monitoring markazining xulosasi hamda Ommaviy kommunikasiyalar sohasidagi Ekspert komissiyasining qarori asos bo`ladi.

Uchinchi bosqichda vakolatli organ - Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan internet tarmog`idagi axborot resurslarini cheklash bo`yicha tashkiliy texnik tadbirlar amalga oshiriladi.

Eslatib o`tamiz, qonunchilikka muvofiq veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger tomonidan veb-saytda va (yoki) veb-sayt sahifasida quyidagi axborotlarni tarqatish, ushbu resursni cheklanishiga olib keladi:

• O`zbekiston Respublikasining mavjud konstitusiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo`rlik bilan o`zgartirishga da`vat etish;

• urush, zo`ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g`oyalarini targ`ib qilish;

• davlat siri bo`lgan ma`lumotlarni yoki qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;

• milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo`zg`atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha`ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo`l qo`yuvchi axborotni tarqatish;

• giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ`ib qilish;

• pornografiyani targ`ib qilish.

Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger veb-saytga va (yoki) veb-sayt sahifasiga axborotni joylashtirishdan avval uning to`g`riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto`g`riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o`chirib tashlashi shart.

    Boshqa yangiliklar