“O`zavtosanoat” AJ avtomobil sanoatida kompaniya nomi va yangi yo`nalishini, shuningdek vijdonan faoliyat yuritayotgan fidoyi xodimlarining sha`niga dog` tushirayotgan ayrim xodimlarning noqonuniy harakatlarini qoralaydi. Bu haqda “O`zavtosanoat” AJning bayonotida ma`lum qilingan.
“Ana shunday “uddaburon” kishilarning korrupsiya tizimlarini fosh qilish va tugatishni boshidanoq uddasidan chiqyapmiz. Ushbu yo`nalishda kompaniya O`zbekiston Bosh prokuraturasi bilan hamkorlik qilishini, shuningdek, qonunbuzarlik holatlaridan bizni vaqtida ogoh qiluvchi faol va vijdonli fuqarolarga minnatdorchilik bildiradi”, - deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, turli vajlar bilan GM avtomobillarini xarid qilish chog`ida qo`shimcha pul mablag`larini talab qilish holatlari yuzaga kelganda, zudlik bilan (+99871) 141-77-77 raqamlari orqali kompaniyaning yangi call-markaziga murojaat qilish so`raladi.
Shuningdek bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali avtomobillarini etkazish muddati kechikayotgani haqida yolg`on ma`lumotlarni tarqatayotgan soxta akkauntlar ham ko`paya boshlagani ma`lum qilingan. Kompaniya saytida kunlik ravishda yangilanayotgan rasmiy ro`yxatga asosan, ana shunday odamlarning postida bo`rttirilib ko`rsatilayotgan avtomobil etkazilishining aniq muddatlarini aniqlash mumkin.
“Ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi postlarga duch kelgan taqdiringizda ushbu ma`lumotlarga ishonmasligingizni va faqatgina kompaniyaning rasmiy manbalariga murojaat qilishingizni so`raymiz.
Kompaniya tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo`layotgan soxta xabarlar sinchkovlik bilan o`rganilmoqda. Kompaniya obro`siga putur etkazadigan bo`hton tarqatish bilan shug`ullanadigan internet-foydalanuvchilari to`g`risidagi ma`lumot, tegishli huquq-tartibot organlariga etkaziladi.
Shuningdek dilerlik markazlarining qonun buzilish holatlarini aniqlagan va uni tekshirilgan faktlar bilan tasdiqlagan fuqarolar kompaniya tomonidan maxsus bonuslar bilan taqdirlanadi.






